Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkentda noqonuniy qurilgan ko‘p qavatli uylar soniga aniqlik kiritdi.

Toshkentda avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov xabar bergan 720 ta emas, balki noqonuniy qurilgan 61 ta ko‘p qavatli uy aniqlangan.

Vazirlik avvalgi javobda noqonuniy qurilish obyektlarining umumiy soni xato tarzda ko‘p qavatli uylar soni sifatida ko‘rsatilganini tushuntirdi.

Poytaxtda jami 320 dan ortiq noqonuniy qurilish obyekti aniqlangan. Ushbu toifaga nafaqat ko‘p qavatli binolar, balki yakka tartibdagi turar joylar, kichik do‘konlar, savdo rastalari, pavilyonlar va boshqa inshootlar ham kiradi.

Vazirlik yo‘l qo‘yilgan xato uchun uzr so‘radi va OAV hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan aniqlashtirilgan ma’lumotlarni inobatga olishni so‘radi.

13-oktabr kuni Sherzod Hidoyatov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Toshkentda arxitektura organlarining ruxsatisiz qurilgan 720 dan ortiq ko‘p kvartirali uy xatlovdan o‘tkazilganini ma’lum qilgandi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ushbu obyektlar Bosh prokuratura nazoratida. U, shuningdek, jarayonlar raqamlashtirilib, nazorat kuchaytirilganidan so‘ng yangi o‘zboshimchalik bilan qurilishlar to‘xtatilganini ta’kidlagan edi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda qariyb 5 mingta liftning foydalanish muddati o‘tgani haqida yozgandi.