O‘zbekistonda qariyb 5 mingta liftning foydalanish muddati o‘tgan. Bu haqda 13-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan Hukumat soatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.

Hidoyatovning ma’lum qilishicha, joriy yil 1-maydan ishga tushirilgan Xavfsiz lift yagona idoralararo elektron platformasida 7 201 ta binodagi 19 740 ta lift uskunasining elektron bazasi shakllantirilgan. Yangi foydalanishga topshirilayotgan liftlar ham platformaga kiritib borilmoqda.

Shuningdek, foydalanishdagi 18 489 ta liftning elektron bazasi yaratilgan va ularga xizmat ko‘rsatuvchi 93 ta tashkilot reyestri shakllantirilgan. Natijada liftlarni masofadan monitoring qilish imkoniyati yaratilgan.

Deputat Zokirjon Zohidov ko‘p qavatli uylardagi liftlarning tez-tez buzilishi, fuqarolarning ichkarida qolib ketishi va ularni yangilash muddatlari bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratdi.

“Bugungi kunda liftlar elektron nazoratga olingan bo‘lsa-da, muammolarning saqlanib qolishiga sabab nima? Kapital ta’mirlash yoki almashtirish talab etilayotgan liftlar soni qancha va ularni yangilash bo‘yicha aniq muddatlar belgilanganmi?” — deya savol berdi u.

Qurilish vazirining qayd etishicha, Xavfsiz lift platformasida liftlardan foydalanish, ularning nosoz holatga kelishi va fuqarolarning lift ichida qolib ketishining oldini olish bo‘yicha talablar belgilangan. Yangi qurilayotgan uy-joylardagi liftlar ushbu talablar bajarilib, platforma tomonidan qabul qilingandan keyingina foydalanishga topshiriladi.

Liftlarni qabul qilish jarayonida Uy-joy qurilishi nazorat inspeksiyasi, Sanoat, kon va texnika xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassislari hamda O‘zstandart agentligi ishtirok etadi. Sertifikatlar platformaga yuklanadi. Shundan so‘ng boshqaruv-servis kompaniyasi liftga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzib, ma’lumotlarni platformaga kiritishi kerak.

Sherzod Hidoyatovning aytishicha, liftlar mobil aloqa va videokuzatuv vositalari bilan ta’minlanib, situatsion markazga ulangandan keyin platforma tomonidan qabul qilinadi. Liftlarning xavfsiz ishlashi uchun ularga muntazam texnik xizmat ko‘rsatish ham zarur.

“Eski uylarda ishdan chiqayotgan liftlarni almashtirish masalasiga kelsak, bugungi kunda respublikada 4 973 ta lift ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan. Ularga qo‘shimcha ravishda texnik xizmat va profilaktik ta’mirlashning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi ham nosozlikka sabab bo‘lgan”, — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021−2026-yillarda budjet mablag‘lari hisobidan 3 274 ta lift yangilangan, 71 tasi ta’mirlangan. Prezidentning 2026-yil 16-fevraldagi farmoni bilan 2026−2030-yillarda yana 4 953 ta liftni ta’mirlash va yangilash vazifasi belgilangan. Buning uchun mablag‘lar ajratilgan.

Avvalroq Spot Toshkentda 720 dan ortiq ko‘p qavatli uy ruxsatsiz qurilgani haqida yozgan edi.