Toshkent shahrida 720 dan ortiq ko‘p qavatli uy arxitektura organlarining ruxsatisiz qurilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan Hukumat soatida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Majlisda deputat Dilmurod Ismoilov ko‘p kvartirali uylar atrofida bolalar maydonchalari, sport infratuzilmasi va avtomobil turargohlari yetishmasligi masalasiga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, ayrim hududlardagi ko‘p qavatli uylarning tutash joylarida qurilishi kerak bo‘lgan bolalar va sport maydonchalari uchun yer qoldirilmayapti.
Shuningdek, yangi uylar loyihasida ko‘zda tutilgan infratuzilma obyektlarini quruvchilar tomonidan o‘z vaqtida barpo etmaslik holatlari ham uchramoqda. U vazirlikdan loyihalash, ekspertizadan o‘tkazish va uylarni foydalanishga qabul qilish bosqichlarida bu talablar qanday nazorat qilinishini so‘radi.
Sherzod Hidoyatov aholining ko‘plab e’tirozlari, taklif va murojaatlari sababli vazirlik ushbu masala bo‘yicha ishlarni kuchaytirganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Toshkent shahrining bosh rejasiga muvofiq, tadbirkorlar rekonstruksiya va renovatsiya hududlarida ish olib borishi mumkinligini aytdi.
“To‘g‘ri, ilgari, bosh reja tasdiqlanishidan oldin auksionga qo‘yilgan yerlarda ko‘plab tadbirkorlar uy-joylar qurib yuborgan. Hozirgi kunda esa bu juda ham og‘riqli masalaga aylangan”, — dedi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentning o‘zida 720 tadan ortiq ko‘p qavatli uy, shuningdek, respublika bo‘ylab qurilgan barcha uylar xatlovdan o‘tkazilgan. Ular arxitektura organlarining ruxsatisiz qurilgan muammoli uylar hisoblanadi.
Bunday qurilishlar qat’iy nazoratga olinib, jarayon raqamlashtirilganidan so‘ng o‘zboshimchalik bilan qurilishlar to‘xtatilgan, tadbirkorlar tomonidan qurilish obyektlarida ruxsatsiz yangi binolarni qo‘shib qurish holatlariga chek qo‘yilgan.
Noqonuniy qurilgan uylar bo‘yicha esa Respublika prokuraturasi shug‘ullanmoqda. Muammoni hal qilish uchun arxitektorlar bilan birgalikda hududlarda shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq qancha bolalar maydonchasi hamda avtomobil turargohi bo‘lishi kerakligi ko‘rsatma sifatida belgilanmoqda.
Hidoyatov quruvchi tashkilotlar renovatsiya dasturini kengaytirib, yangi uylar atrofida zarur sharoitlarni yaratganidan keyingina ularni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Bunda nafaqat bolalar maydonchalari va avtomobil turargohlari, balki binolarning mustahkamligi ham instrumental tekshiruv orqali nazorat qilinadi.
Shuningdek, hozirda yangi uy-joylar qurilishiga ruxsat berishda bosh reja va shaharsozlik normalariga amal qilish talab etiladi. Ushbu jarayon raqamlashtirilib, sun’iy intellekt tizimga integratsiya qilingan. Talablar noto‘g‘ri kiritilgan taqdirda, tizim tegishli murojaatni avtomatik ravishda qabul qilmaydi.
Qurilish vazirining ma’lum qilishicha, joriy yilda ko‘p kvartirali uylar atrofidagi infratuzilmani yaxshilash uchun 520 mlrd so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan 1 018 ta bolalar maydonchasi, 109 ming pogonometr irrigatsiya tarmog‘i, 653 ming kvadrat metr beton yo‘lak va 220 ta umumiy hojatxona qurilmoqda.
Vazirning aytishicha, hududiy buyurtmachi tashkilotlar tomonidan 290 ta lot doirasida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlarni 2027-yilda ham davom ettirish rejalashtirilgan. Kelgusi yilda 505 mlrd so‘m hisobidan 779 ta bolalar maydonchasi, 93 ming pogonometr irrigatsiya tarmog‘i, 755 ming kvadrat metr beton yo‘lak va 201 ta umumiy hojatxona quriladi.
Avvalroq Spot qurilish obyektlaridagi 3,1 mingdan ortiq qoidabuzarlik buzdirish orqali bartaraf etilgani haqida yozgan edi.