O‘zbekistonda joriy yilning 9 oyida qurilish obyektlari, ko‘p kvartirali uylar hamda ichimlik va oqova suv tarmoqlarida minglab qoidabuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi ma‘lum qildi.
2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 28 708 ta qurilish obyekti nazoratga olinib, ularda 301 272 marotaba nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 215 907 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berildi va ularning ijrosi nazoratga olindi.
Qurilish normalari va talablariga rioya etilmagani bilan bog‘liq 3166 ta qoidabuzarlik buzdirish ishlari orqali bartaraf etildi.
Shuningdek, mualliflik va texnik nazorat talablari buzilgani sababli litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish yoki bekor qilish bo‘yicha 348 ta taqdimnoma kiritildi. Qurilish obyektlarida sifatsiz materiallar va buyumlardan foydalanilgani yuzasidan esa tegishli organ va tashkilotlarga 1650 ta taqdimnoma yuborildi.
Hududiy inspeksiyalar tomonidan 23 121 ta ko‘p kvartirali uyning texnik holati o‘rganildi. Natijada 9804 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ularning har biri bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi.
Qonunbuzilishlar orasida tayanch va to‘siq konstruksiyalarini buzish, tutash yer uchastkalarida noqonuniy qurilish qilish, umumiy foydalanish joylarini egallab olish hamda yerto‘lalarda sanitariya talablarini buzish kabi holatlar qayd etilgan.
Berilgan majburiy ko‘rsatmalar asosida 6 mingdan ortiq qoidabuzarlik bartaraf etildi. Qolgan holatlar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda, 1457 ta holat bo‘yicha esa sudlarga da‘vo arizalari kiritilgan.
Bundan tashqari, ichimlik va oqova suv tarmoqlaridan foydalanishda 5141 ta noqonuniy holat aniqlangan. Ular orasida ichimlik va oqova suv tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish hamda hisoblagich tamg‘alarini buzish holatlari mavjud.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan suv ta‘minoti tashkilotlari hisobiga 27,4 mlrd so‘m qo‘shimcha to‘lov hisoblangan.
Shuningdek, ichimlik va oqova suv xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha 4786 ta budjet tashkilotida o‘rganishlar o‘tkazilib, 741 ta kamchilik aniqlangan. Ular yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilgan.
Inspeksiya ma‘lumotlariga ko‘ra, joriy yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 7507 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 2459 tasi ijobiy hal etilib, qolganlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.
Bundan tashqari, yilning birinchi yarmida inspeksiyaga asosiy ijrochi sifatida kelib tushgan 504 ta topshiriqning barchasi bajarilgan.
Spot avvalroq Nurafshonda oqova suv inshooti qurilishida 13,9 mlrd so‘m talon-toroj qilingani haqida yozgandi.