Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida oqova suv tozalash inshooti qurilishida 13,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda qurilish ishlari qiymatini sun‘iy oshirib ko‘rsatish holati aniqlangan.

Xususan, Suv ta‘minoti va oqova suv obyektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi DUK Toshkent hududiy boshqarmasi hamda Toshkent viloyati Suvoqova DUK o‘rtasidagi shartnoma doirasida amalda 73,3 mlrd so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.

Biroq qurilish ishlari 87,2 mlrd so‘mga bajarilgani haqida soxta ma‘lumotlar tuzilgan. Shu tariqa 13,9 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot avvalroq Toshkent viloyatida 60 mlrd so‘mlik qurilish ishlarini olib berish uchun $100 ming so‘ragan shaxslar ushlangani haqida yozgandi.