Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tadbirkorga IIVga qarashli davlat bog‘chalarida rekonstruksiya va qurilish ishlarini olib berishni va‘da qilgan uch kishi ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Uch nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, S.C. korxonasi rahbariga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali IIVga qarashli to‘rtta davlat bog‘chasida 60 mlrd so‘mlik rekonstruksiya va qurilish ishlarini olib berishni va‘da qilgan.

Buning evaziga ular tadbirkordan $100 ming talab qilib, shundan $20 mingini olayotganda ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Spot, avvalroq, Toshkent viloyatida foizsiz kredit va‘dasi bilan fuqarolarning 17 mlrd so‘mini o‘zlashtirgan shaxslar ushlangandi.