Toshkent viloyatida foizsiz kredit olib berish va‘dasi bilan 400 dan ortiq fuqaroning qariyb 17 mlrd so‘mini o‘zlashtirgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Guruh a‘zolari internetda foizsiz kredit olib berish haqida e‘lonlar joylashtirib, qiziqish bildirgan fuqarolarni ijaraga olingan hashamatli ofislarga taklif qilgan.

Firibgarlar fuqarolar nomiga, masalan, 100 mln so‘m kredit rasmiylashtirib, uning yarmini ularga berish, qolgan yarmini esa kompaniya olib qolishini taklif qilgan. Bunda kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarni kompaniya to‘lab borishi va‘da qilingan.

Shu tariqa 400 dan ortiq fuqaro nomiga kreditlar rasmiylashtirilib, ajratilgan mablag‘larning qariyb 17 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan.

Oradan vaqt o‘tgach, banklar fuqarolarga kredit to‘lovlarini amalga oshirish bo‘yicha talabnomalar yuborgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Olti nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingan.

Iyul oyida Toshkentda $3,5 mln kredit olib berish evaziga $420 ming talab qilgan shaxslar ushlangandi.

Spot, avvalroq, kichik va o‘rta biznes 5 mlrd so‘mgacha imtiyozli kreditlar jalb qilishi mumkinligi haqida yozgandi.