Toshkent shahrida $3,5 mlnlik imtiyozli kredit ajratib berish evaziga $420 ming talab qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Aniqlanishicha, xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Olmazor filiali bank xizmatlari markazi yuristi va Yangiyo‘l tumanida yashovchi shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirgan.
Ular fuqaro nomiga $3,5 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishni va‘da qiladi. Buning evaziga kredit summasining 12%i — $420 ming talab qilgan.
Gumonlanuvchilar oldindan $50 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Spot, avvalroq, Toshkentda 17 yoshli o‘smir $578 minglik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasi bilan ushlangani haqida yozgandi.