ADM Jizzakh kompaniyasi elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ishlamoqda. Bu haqda Spot’ga ADM Global xoldingining matbuot xizmati ma’lum qildi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya yangi to‘liq siklli ishlab chiqarish majmuasini sanoat uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha Janubiy Koreyaning DK&G Co kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Qurilayotgan majmuada Chery, Haval va Changan brendlari avtomobillari, xususan, UNI-E modeli ishlab chiqariladi.
Ishlab chiqarish kuzovni payvandlash va bo‘yashdan tortib, yakuniy yig‘ish hamda sifat nazoratigacha bo‘lgan to‘liq sikl asosida kichik uzelli yig‘ish (CKD) texnologiyasi bo‘yicha tashkil etiladi. Sexga kiritiladigan investitsiyalar hajmi $100 mln ni tashkil etadi.
ADM Jizzakh DK&G bilan hamkorlikda joriy etadigan muhandislik yechimlari hisobiga yangi majmua yagona ishlab chiqarish liniyasida turli brendlarga mansub avtomobillarni ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘ladi. Konveyerning universalligi ishlab chiqarish jarayonini moslashuvchan tashkil etish va uni qayta sozlashni osonlashtirishi kerak.
Sex ishga tushirilishi orqali ADM Global O‘zbekiston bozoriga mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan bir nechta gibrid va elektromobil modellarini olib chiqishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya fikricha, loyiha yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish imkonini beradi va milliy avtomobilsozlikni rivojlantirish salohiyatini kengaytiradi.
“Biz avtomobilsozlik, butlovchi qismlar ishlab chiqarish, o‘z muhandislik salohiyatimizni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni birlashtirgan zamonaviy sanoat ekotizimini izchil shakllantirmoqdamiz. Gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ushbu strategiyani amalga oshirishdagi yana bir muhim qadam bo‘ladi hamda kompaniyaning keyingi texnologik rivojlanishi uchun asos yaratadi”, — dedi ADM Global bosh direktori Daniyar Davletyarov.
Yangi avtomobillar O‘zbekiston ichki bozoriga ham, eksportga ham yetkazib beriladi. Kompaniya “yangi energiya manbalari"dan foydalanadigan avtomobillar yo‘nalishini rivojlantirishni mahsulot turlarini kengaytirishdagi muhim bosqich deb atadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektromobillar soni 122 mingdan oshgani haqida yozgandi.