Toshkentning Yunusobod tumanida 17 yoshli yigit $578 minglik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgani aniqlandi. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.
Surishtiruvlar davomida 2009-yilda tug‘ilgan fuqaro maxsus qurilmalar va dasturiy vositalardan foydalangan holda noqonuniy kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullanganini bildirgan.
Noqonuniy aylanma hajmi qariyb 6,9 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Uning yashash manzili xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda noutbuk, mobil telefon, ikkita bank plastik kartasi hamda monoblok kompyuter daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Spot, avvalroq, misrlik talaba O‘zbekistonda 191 mln so‘mlik kriptoaktivlarni noqonuniy ayirboshlashda gumonlanayotgani haqida yozgandi.