Xorijlik talaba 191 mln so‘mlik kriptoaktivlarni noqonuniy ayirboshlagani aniqlandi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, Toshkent shahri Olmazor tumanida vaqtincha ro‘yxatda turgan 23 yoshli Misr fuqarosining mobil telefoni qonunchilikda belgilangan tartibda tekshirilgan.

Tekshiruvda kriptoaktivlarni saqlash, qabul qilish va o‘tkazish uchun mo‘ljallangan elektron hamyon ilovasi mavjudligi aniqlandi.

U orqali esa jami 191,2 mln so‘m miqdoriga teng bo‘lgan USDT kriptoaktivlari ayirboshlanganligi maʼlum bo‘ldi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−8-moddasi 2-qismi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning aprelida Toshkentda 6,7 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs ushlangandi.

Spot, avvalroq, Qoraqalpog‘istonda kriptoaktivlar sohasi vakillari yig‘imlardan ozod etilishi haqida yozgandi.