Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat uchun yig‘imlar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida tanishish mumkin.

Besqala Mining Valley maxsus zonasi hududida maynerlar va kriptoaktivlar bilan bog‘liq xizmatlar provayderlarini (krip-tobirjalar, kripto-do‘konlar, kriptodepozitariylar) yig‘imlar to‘lashdan ozod qilish taklif etilmoqda. U qabul qilingan taqdirda, tuzatish o‘sha kunning o‘zida kuchga kiradi.

Hujjatga izohlar va takliflar 18-iyungacha qabul qilinadi.

Amaldagi nizomga ko‘ra, yig‘imlar miqdori quyidagicha:

  • maynerlar uchun — BHMning 10 baravari (4,12 mln so‘m);
  • kriptodepozitariylar uchun — BHMning 5 baravari (2,06 mln so‘m);
  • mayning-pullar uchun — BHMning 100 baravari (41,2 mln so‘m);
  • kripto do‘konlar uchun — BHMning 185 baravari (76,22 mln so‘m);
  • kripto-birjalar uchun — BHMning 740 baravari (304,88 mln so‘m).

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil avgust oyida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlagan edi.

Shu bilan birga, u “yashil” energiyadan foydalangan holda mayning uchun maxsus hudud yaratish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqishni topshirdi.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak oktabr oyida Qoraqalpog‘istondagi yirik texnologik loyihalar uchun preferensiyalar va imtiyozlar taqdim etilishini ma’lum qilgandi. Xususan, u mamlakatda maynerlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tarif joriy etish rejalarini ma’lum qildi.

Aprel oyida prezident butun Qoraqalpog‘iston hududida Besqala Mining Valley kriptovalyuta mayning zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hudud ishtirokchilari kriptoaktivlarni qazib olish, milliy kriptobirjalar va xorijiy platformalarda sotish va ayirboshlash, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Mayning uchun umumiy tarmoqdan yoki “yashil” ishlab chiqarish quvvatlari hisobidan olingan elektr energiyasidan foydalanishga ruxsat beriladi. Umumiy tarmoqdan energiya uchun to‘lov II guruh iste’molchilari uchun tarif bo‘yicha ikki karra koeffitsiyent bilan hisoblanadi.

Faqat Qoraqalpog‘iston hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar zona rezidentlari bo‘lishi mumkin. 2035-yil boshigacha ular daromad solig‘ini to‘lamaydilar, shu bilan birga daromadlarining 1%ini zona direksiyasiga o‘tkazishlari kerak.

May oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Besqala Mining Valley kriptovalyuta mayning zonasini ta’sis etish to‘g‘risidagi buyruq loyihasini e’lon qildi.

Hujjatda zonaning ish tartibi, rezidentlar uchun asosiy qoidalar va talablar, ularni ro‘yxatga olish va ish yuritish tartibi belgilangan.

Shuningdek, u ishtirokchilarning huquqlari, majburiyatlari va imtiyozlarini, shuningdek, qazib olingan kripto-aktivlarni sotish tartibini o‘z ichiga oladi.