Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus mayning zonasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Hujjat Lex.uz portalida e‘lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Besqala Mining Valley maxsus mayning zonasi tashkil etiladi. Maxsus zonaning hududi Qoraqalpog‘istonning butun hududi hisoblanadi.
Maxsus zona doirasida mayning faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bunda yagona elektr energetika tizimi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda vodorod elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanish mumkin.
Shuningdek, mayning natijasida olingan kripto-aktivlarni milliy kripto-birjalar, xorijiy platformalar yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotish hamda boshqa likvidli kripto-aktivlarga ayirboshlashga ruxsat etiladi.
Besqala Mining Valley maxsus mayning zonasi direksiyasi tashkil etiladi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berish bo‘yicha ishchi organ etib belgilandi.
Talabgorlar (yuridik shaxslar) maxsus zona rezidentligini va mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish to‘g‘risida ariza bilan direksiyaga murojaat qiladi.
2035-yilgacha rezidentlarning mayning faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq operatsiyalardan olingan daromadlari soliqlar va yig‘imlardan ozod qilinadi.
Mayning uchun elektr energiyasi to‘lovi II guruh iste‘molchilari uchun belgilangan tarif bo‘yicha ikki baravar koeffitsiyent bilan (har bir kVt·s uchun 1800 so‘m) hisoblanadi. Qiymati $100 mlndan ortiq bo‘lgan mayning infratuzilmasini yaratish loyihalari bundan mustasno.
Faqat Qoraqalpog‘iston hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslargina zona rezidenti bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ular bir qator talablarga javob berishi kerak, jumladan:
- mayning-fermani joylashtirish uchun sanitariya normalariga mos keladigan maxsus binoning mavjudligi;
- xavfsizlik texnikasi inobatga olingan holda elektr ta‘minoti tizimining texnik sozligi;
- rahbariyat va muassislar safida pul yuvish va iqtisodiy jinoyatlar uchun tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganlikka ega shaxslarning yo‘qligi;
- yashirin yoki anonim mayning bilan shug‘ullanmaslik;
- kriptoaktivlar sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilish.
Rezidentlikni olish uchun zona direksiyasiga ariza topshirish talab etiladi. Agar ariza beruvchi talablarga mos kelsa, direksiya unga tegishli maqomni beradi, shundan so‘ng u Istiqbolli loyihalar milliy agentligidan mayning uchun ruxsatnoma oladi.
Qoraqalpog‘istonda mayning
2025-yil avgust oyida prezident Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish chora-tadbirlarini tasdiqlagandi. Jumladan, u “yashil” energiya manbalaridan foydalangan holda mayning uchun maxsus zona tashkil etish to‘g‘risidagi qaror loyihasini ishlab chiqishni topshirgan edi.
ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak oktabr oyida Qoraqalpog‘istondagi yirik texnologik loyihalar uchun preferensiya va imtiyozlar ko‘zda tutilishini ma‘lum qilgan. Xususan, u respublikadagi mayning sohasi vakillari uchun elektr energiyasiga imtiyozli tarif joriy etish rejalari borligini aytib o‘tgan.
ILMA joriy yil boshida Buxoro viloyati hududida NexaGrid xususiy kompaniyasiga kriptovalyuta mayningi uchun birinchi ruxsatnomani berdi. Mart oyida Kriptoaktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Asqarjon Zokirov ruxsatnoma berilganidan keyin sohaga qiziqish ortganini ta‘kidladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda steyblkoinlar uchun “qumdon” joriy etilgani haqida yozgandi.