O‘zbekistonda fuqarolarga pensiya tayinlash bo‘yicha xizmatlar bosqichma-bosqich ixchamlashtiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 19-oktabrdagi 576-son qarorida belgilangan.

Buning uchun 2027-yildan Pensiya jamg‘armasining tuman va shahar bo‘limlari faoliyatini raqamlashtirish hisobiga ixcham boshqaruv tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Joriy yil oktabr-dekabr oylarida Andijon, Samarqand, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarining ayrim hududlarida yangi tizim sinovdan o‘tkaziladi.

Tajriba doirasida pensiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash, qayta hisoblash, pensiya turini o‘zgartirish hamda to‘lash bilan bog‘liq vazifalar Pensiya jamg‘armasining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu hududlarda har bir tuman va shahar uchun pensiya va boshqa to‘lovlarni tayinlash hamda to‘lash bo‘yicha uch kishidan iborat komissiyalar tashkil etiladi. Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish uchun tuman va shahar bo‘limlarida ham xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Pensiya jamg‘armasi 2026-yil 25-oktabrgacha hududiy boshqarmalardagi xodimlar soni, vazifalari va faoliyat yo‘nalishlarini tasdiqlashi kerak. Tajriba natijalari tahlil qilinib, 2026-yil 15-dekabrgacha yangi tizimni 2027-yildan butun mamlakat bo‘ylab joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasi tayyorlanadi.

Bundan tashqari, qarorda xorijda bo‘lgan pensionerlarga pensiya olish huquqini tasdiqlash uchun MyID orqali shaxsni aniqlash imkoniyatini yaratish ham nazarda tutilgan.

Avvalroq Spot ayrim ishdan bo‘shatilgan xodimlarga muddatidan oldin pensiya tayinlanishi haqida yozgan edi.