O‘zbekistonda mehnat shartnomasi alohida asoslarga ko‘ra bekor qilingan xodimlarga muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlash tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Tartib Vazirlar Mahkamasining 28-sentyabrdagi 519-son qarori bilan tasdiqlangan ma‘muriy reglamentda belgilangan.

Reglamentga ko‘ra, muddatidan oldin pensiya olish huquqi tashkilot yoki uning alohida bo‘linmasi tugatilishi yoxud texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ish hajmining qisqarishi sabab xodimlar soni yoki shtati o‘zgarishi natijasida mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga tatbiq etiladi.

Bunda umumiy mehnat staji kamida 25 yil bo‘lgan 58 yoshdan 60 yoshgacha erkaklar hamda kamida 20 yil stajga ega 53 yoshdan 55 yoshgacha ayollar muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun taqdimnoma rasmiylashtirish bo‘yicha Yagona portal orqali so‘rovnoma yuborishi mumkin.

So‘rovnomaga mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruq nusxasi ilova qilinadi. Agar mehnat staji to‘g‘risidagi ma‘lumotlar to‘liq raqamlashtirilmagan bo‘lsa, mehnat daftarchasi nusxasi ham taqdim etiladi. Ariza beruvchidan reglamentda ko‘rsatilmagan boshqa ma‘lumot va hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

So‘rovnomani Yagona portal orqali dam olish va bayram kunlaridan qat‘i nazar, sutkaning istalgan vaqtida yuborish mumkin. Ish vaqtidan tashqari yoki dam olish va bayram kunlari yuborilgan murojaatlar keyingi ish kuni mahalliy mehnat organiga kelib tushgan deb hisoblanadi.

Mahalliy mehnat organi hujjatlarni ikki ish kuni ichida tekshiradi. Hujjatlar to‘liq bo‘lmasa yoki ularda noto‘g‘ri yoxud buzib ko‘rsatilgan ma‘lumotlar aniqlansa, kamchiliklarni bartaraf etish uchun ariza beruvchiga besh ish kuni beriladi.

Talab etiladigan hujjatlar mavjud bo‘lsa, fuqaro ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinadi. U ro‘yxatga olingan kundan boshlab yetti kun ichida maqbul ish bo‘yicha taklif olish uchun mahalliy mehnat organiga borishi lozim. Agar fuqaro maqbul ishga joylashtirilmasa, uch oy davomida uni ishga joylashtirish choralari ko‘riladi.

Uch oylik muddat yakunida maqbul ish topilmasa, fuqaro ishsiz deb e‘tirof etiladi. Shundan so‘ng muddatidan oldin pensiya tayinlash uchun taqdimnoma bir ish kuni ichida Pensiya jamg‘armasiga Yagona portal orqali yuboriladi.

Pensiya jamg‘armasi taqdimnoma asosida fuqaroning mehnat stajiga oid ma‘lumotlarni “Xalq banki"ning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi va Soliq qo‘mitasining markazlashtirilgan elektron reyestridagi ma‘lumotlar asosida tekshiradi. Talab etiladigan ish staji mavjud bo‘lsa, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlanadi, yetarli bo‘lmasa, pensiya tayinlash rad etiladi.

Muddatidan oldin pensiya tayinlangani yoki rad etilgani haqida ariza beruvchi hamda tegishli mahalliy mehnat organi o‘sha kunning o‘zida Yagona portal orqali elektron shaklda xabardor qilinadi.

Pensiya tayinlangach, ishsizlik nafaqasini to‘lash keyingi oydan boshlab to‘xtatiladi. Pensiya miqdori qonunchilikda belgilangan tartibda hisoblanadi.

Mazkur davlat xizmati bepul ko‘rsatiladi.

Spot avvalroq 1-noyabrdan pensionerlarga bank kartasi ochish xizmatlari Face ID orqali ko‘rsatilishi haqida yozgandi.