Avvalroq Spot davlat pensiya ta’minotiga oid zamonaviy xizmatlarni joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingani haqida yozgan edi.
Hujjat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 2027-yildan I va II guruh nogironlik pensiyalarini qayta hisoblashda fuqaroning III guruh nogironlik pensiyasini olgan davrida ishlagan ish staji va ish haqi ham hisobga olish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
Kelasi yil 1-fevraldan Pensiya jamg‘armasiga imtiyozli pensiyalarni to‘lash xarajatlarini qoplash uchun mablag‘larni har oy o‘tkazish imkonini beruvchi tizim joriy etiladi. Bu tizim Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda yo‘lga qo‘yiladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 2026-yil 1-noyabrga qadar fuqarolarga imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beradigan maxsus ish staji davrlari haqidagi ma’lumotlarni Yagona milliy mehnat tizimi’da shakllantirish va yuritish imkoniyatini yaratadi. Unda ish joylarini mehnat sharoitlari hamda uskunalarning jarohatlanish xavfi bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish natijalari ham aks ettiriladi.
O‘zarxiv agentligi 2027-yil 1-aprelga qadar tugatilgan korxona va tashkilotlarning arxiv idoralariga topshirilmagan buxgalteriya va boshqa hujjatlarini, jumladan, ish haqi kitoblari hamda ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqlarni istisno tariqasida beg‘araz asosda qabul qiladi.
Bundan tashqari, Markaziy bank joriy yilning 1-noyabridan pensionerlarga bank kartasi ochish bilan bog‘liq xizmatlarni fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) orqali amalga oshirish tartibini joriy etadi.
2027-yil 1-apreldan barcha banklar bilan birgalikda pensiya va boshqa to‘lovlar uchun mablag‘larni banklarning yagona hisobvaraqlariga moliyalashtirish hamda ularni pensionerlarning bank kartalari yoki banklarning mobil ilovalarida ochilgan pensiya elektron hamyonlariga o‘tkazish tizimi ishga tushiriladi.
Avvalroq Spot mehnat migrantlari uchun pensiya badalini xorijdan to‘lash imkoniyati yaratilishi haqida yozgandi.