Meta Instagram uchun alohida Direct messenjerini sinovdan o‘tkazishni boshladi, deb yozadi Engadget.
Direct ilovasi hozirda iOS va Android qurilmalari uchun Turkiya va Tailandda foydalanish imkoniyatiga ega.
Undan mavjud Instagram akkaunti orqali foydalanish yoki elektron pochta manzili yoxud telefon raqami yordamida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Nashrning qayd etishicha, Direct interfeysi deyarli to‘liq Instagram’dagi shaxsiy xabarlar bo‘limini takrorlaydi. Mavjud akkaunt orqali tizimga kirilganda, barcha yozishmalar ilovalar o‘rtasida avtomatik sinxronlashtiriladi.
Ilovada yozishmalar davomida rasm chizish, o‘z stikerlarini yaratish, chatlar fonini o‘zgartirish va ovozli xabarlarga tovush effektlarini qo‘shish mumkin.
Foydalanuvchiga faqat uning kontaktlar ro‘yxatidagi yoki avval yozishgan odamlargina xabar yuborishi va uni guruhli chatga qo‘shishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Direct’dan 13 yoshga to‘lmagan o‘smirlar foydalana olmaydi. Meta ilovani boshqa mamlakatlarda qachon ishga tushirishini hozircha ma’lum qilmagan.
2017-yilda Meta alohida Direct messenjerini ham ishga tushirgan. Ilova bir nechta mamlakatda sinovdan o‘tkazilgan. 2019-yilda esa loyiha yopilgan — xizmat foydalanuvchilar orasida keng ommalasha olmagan.
Instagram rahbari Adam Mosseri yozishmalar ijtimoiy tarmoqning eng ommabop funksiyasi ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u Threads’da xabarlar uchun alohida bo‘lim yaratishga qarshi fikr bildirgan va bir nechta ilovadan foydalanishni “ortiqcha” deb hisoblagan.
Engadget qayd etishicha, Direct Instagram akkauntisiz ham yozish imkonini bergani sababli, potensial ravishda WhatsApp bilan raqobatlashishi mumkin.
Avvalroq Spot Instagram uzun videolar joylaydigan ijodkorlarga $500 minggacha taklif qilayotganini yozgandi.