Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi Kristofer Daggan bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining Telegramdagi kanalida ma’lum qildi.
Unda savdo, investitsiya va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, ta’lim sohasidagi hamkorlik hamda viza tartiblarini yengillashtirish masalalari muhokama qilindi.
“Qo‘shma tashabbuslarimiz o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarib, odamlarimiz uchun keng imkoniyat va qulayliklar yaratishiga ishonaman”, — dedi Saida Mirziyoyeva.



2024-yilning dekabrida Shavkat Mirziyoyev TIVga Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, Slovakiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlarda o‘qish va malaka oshirish, ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yengillik yaratish uchun viza olish tartibini soddalashtirish choralarini ko‘rishni topshirgandi.
2025-yilning iyul oyida esa TIV VFS Global kompaniyasiga O‘zbekistonda vakolatxonalari bo‘lmagan mamlakatlar uchun mahalliy ofislarda biometrik ma’lumotlarni topshirish va onlayn suhbat o‘tkazish imkoniyatini yaratishni taklif qildi.


