Xitoy Eksimbanki ishtirokida Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Namangan viloyatlarida irrigatsiya infratuzilmasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha $130 mln lik loyiha Xitoy pudratchilari narxni keskin oshirib taklif qilgani sababli to‘xtab turibdi. Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev 11-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Hukumat soatida ma’lum qildi.
Vazir O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Imomnazar Tursunovning savoliga javob berdi. Deputatning aytishicha, vazirlik taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ayrim loyihalarda ishlar umuman boshlanmagan.
Tursunovning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Eksimbanki ishtirokidagi $130 mln lik irrigatsiya loyihasi, 95 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha $37 mln lik loyiha va YTTB ishtirokidagi 110 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish bo‘yicha $5 mln lik loyihada bir so‘m ham o‘zlashtirilmagan.
Hamrayev bunga javob berar ekan, dastlab Xitoy kompaniyalari o‘z mablag‘i hisobiga ishni boshlashi, keyin bu xarajatlar Xitoyning imtiyozli kreditlari hisobidan qoplanishi rejalashtirilganini ta’kidladi.
“Bu kompaniyalar bilan muzokaralar qilganimizda, nafaqat 10%, 20%, ikki barobardan ham ko‘proq qimmat narxda qilishni taklif qilib, hujjatlarini olib kelishdi. Bir yildan ortiq muzokaralar qilib, natijaga erisha olmadik”, — dedi vazir.
Shundan so‘ng hukumat nomidan Xitoyga murojaat qilinib, Eksimbankdan imtiyozli kredit olish yo‘li tanlangan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bank loyihani olti oy davomida ko‘rib chiqib, ekspertizadan o‘tkazgan va pudratchi sifatida kamida uchta kompaniyani taklif qilgan. Bu jarayon yana bir yil vaqt olgan.
Tenderda CITIC kompaniyasi g‘olib bo‘lgan, ammo uning narxi ham 20% qimmat chiqqan. Narxni pasaytirish bo‘yicha muzokaralar natija bermagach, vazirlik tenderda ikkinchi o‘rinni egallagan Sinohydro kompaniyasi bilan muzokara olib bormoqda.
“Biz bu ishni tezroq qilamiz deb, qimmat narxda qilsak, ertaga baribir byudjet qaytarishi kerak. Shuning uchun shu to‘xtab turibdi”, — dedi Hamrayev.
Vazirning ta’kidlashicha, dastur kamida ikki yil vaqt oladi. U kanallar 2027−2028-yillarda ekspertizadan o‘tgan loyihalar asosida sifatli betonlashtirilishini va’da qildi.
Hamrayev xorijiy investitsiyalar hisobidan davlat kafolati ostida olingan qarzlar vazirlikning byudjet mablag‘laridan ham ko‘p ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikda xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish markazi va bu masalalar bo‘yicha alohida vazir o‘rinbosari bor.
Avvalroq O‘zbekistonda suv hisobini yuritish raqamlashtirilib, 600 mingdan ortiq suv iste’molchilari, 4,3 mln gektar sug‘oriladigan yerning elektron ma’lumotlari shakllantirilishi haqida xabar berilgandi.