O‘zbekiston O‘monning Voltamp kompaniyasi bilan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma kelishuv (JDA) Voltamp Energy SAOG, O‘zbekistonning UET Construction kompaniyasi, shuningdek, Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari tomonidan imzolandi. Hujjatga muvofiq, Farg‘ona viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasi quriladi.
Loyiha doirasida $350 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Tomonlar loyihani birgalikda ishlab chiqadi va uni amalga oshirishga tayyorgarlik ishlarini olib boradi.
Foydalanishga topshirilgach, bo‘lajak fotoelektr stansiyasi yiliga 1 mlrd kVt·soat “yashil” elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uning ishga tushirilishi O‘zbekistonga 250 mln kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Energetika vazirligi ma’lum qilishicha, Voltamp Energy SAOG mutaxassislari loyiha uchun ajratilgan hududni o‘rganish va uning moliyaviy modelini ishlab chiqish ishlarini boshlab yuborgan. Yaqin vaqt ichida ushbu ishlarni yakunlab, tijorat taklifini taqdim etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Nura Group bilan hamkorlikda yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqaradigan zavod qurish bo‘yicha kelishib oldi.
Bundan tashqari, Voltamp va Texnokabel Group transformatorlar uchun maxsus o‘tkazgichlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.
Loyihalarni amalga oshirish orqali Energetika vazirligi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va yangi ish o‘rinlarini yaratishni rejalashtirmoqda.
Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Voltamp Energy direktorlar kengashi raisi Sayid Ayman al-Busaidiy bilan uchrashgan edi.
Uchrashuvda quyosh elektr stansiyalarini qurish va transformatorlar ishlab chiqarish rejalari, shuningdek, Ummon kompaniyasining MDHning boshqa mamlakatlaridagi faoliyat istiqbollari muhokama qilingan.
Avvalroq Spot Toshkent viloyatida umumiy qiymati $171,4 mln bo‘lgan “Halqa” podstansiyasi va elektr uzatish liniyalari ishga tushirilgani haqida yozgandi.