Markaziy bank Fransiyaning Societe Generale banki vakolatxonasini akkreditatsiya qildi. Bu haqda regulyator ma’lum qildi.

Vakolatxona O‘zbekiston moliya bozorini o‘rganish hamda davlat organlari, moliya tashkilotlari va xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan.

Societe Generale 1864-yilda tashkil etilgan. Bank dunyoning 58 ta mamlakatida faoliyat yuritadi va Yevropaning yetakchi bank va moliyaviy xizmatlar guruhlaridan biri hisoblanadi.

Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 8 ta xorijiy bankning vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya banklariga (Korea Eximbank va Shinhan Bank), yana ikkitasi Germaniya banklariga (Landesbank Baden-Württemberg va Commerzbank AG) tegishli. AQSH (JP Morgan Chase), Rossiya (Gazprombank), Xitoy (Eksimbank) va Turkiya (Citibank AS) banklarida yana bittadan ofis mavjud.

Avvalroq Shinhan Bank O‘zbekistonda sho‘ba bank tashkil etishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.