Germaniyaning Bildung & Beruf GmbH kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolari uchun nevrologiya va insultga chalingan bemorlarni parvarishlash yo‘nalishida 24 ta hamshiralik ish o‘rnini taklif etmoqda.

Taklif etilayotgan lavozim bo‘yicha oylik ish haqi 1850−2050 yevroni (qo‘lga tegadigan) tashkil etadi. Ish vaqti haftasiga 40 soat etib belgilangan.

Nomzodlarga qo‘yiladigan talablarga ko‘ra, talabgorlar 42 yoshdan oshmagan bo‘lishi, uch yillik tibbiyot kolleji diplomiga ega bo‘lishi hamda hamshiralik sohasida kamida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Bunda nevrologiya va insultga chalingan bemorlarni parvarishlash bo‘yicha tajribaga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, nomzodlardan nemis tilini kamida B1 darajasida bilish va tegishli sertifikatga ega bo‘lish, smenali ish tartibida ishlashga jismonan tayyor bo‘lish hamda qizamiqqa qarshi immunitetni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab qilinadi.

Kompaniya ishga qabul qilingan xodimlarga nemis tilini B1 darajasidan B2 darajasigacha o‘rganish xarajatlarini qoplab beradi. Bundan tashqari, diplomni Germaniyada tan olish va ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatadi.

Xodimlar uchun jihozlangan turar joy taqdim etiladi, ijara xarajatlarining bir qismi kompaniya tomonidan qoplanadi. Shuningdek, aeroportdan kutib olish va transfer, Germaniya qonunchiligiga muvofiq tibbiy hamda baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash xizmatlari ham nazarda tutilgan.

Tungi smenalar, yakshanba va bayram kunlaridagi ish uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi. Mehnat shartnomasi kamida 24 oy muddatga yoki muddatsiz tuziladi.

Viza olish uchun ariza topshirish va aviachipta xarajatlari nomzodning o‘zi tomonidan qoplanadi. Biroq ishga joylashgandan so‘ng ushbu xarajatlarning bir qismi Migratsiya jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Nomzodlarni saralash rezyume, video, baholash testi va onlayn suhbat asosida amalga oshiriladi.

Arizalar 20-noyabrgacha havola orqali qabul qilinadi.


Avvalroq Spot o‘zbekistonlik qurilish mutaxassislari Germaniyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.