Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi investorlar va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bog‘lovchi yagona elektron platforma ishga tushirilganini ma’lum qildi.

Platforma icppa.uz manzilida joylashgan. Uning asosiy vazifasi yirik investitsiya loyihalarining material, xomashyo va uskunalarga bo‘lgan ehtiyoji hamda mahalliy korxonalar nima ishlab chiqarishi va qancha yetkazib bera olishi haqidagi ma’lumotlarni bir joyda jamlashdir.

Platformaning ikkita asosiy bo‘limi bor:

  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlar katalogi, unda mahsulotlarning texnik xususiyatlari, sertifikatlari va boshqa ma’lumotlari;
  • ishlab chiqaruvchilarning yagona reyestri, unda korxonalar, ularning ishlab chiqarish maydonlari, quvvatlari va yetkazib berish imkoniyatlari.

Har bir mahsulot kartochkasi uni ishlab chiqaruvchi korxona sahifasiga bog‘langan. Shu tariqa buyurtmachi mahsulotni topibgina qolmay, korxonaning imkoniyatlarini ham o‘rganishi mumkin.

Tahlilchilar ma’lum bir mahsulotga bo‘lgan talabni mamlakatdagi mavjud ishlab chiqarish quvvatlari bilan solishtira oladi. Platformada kooperatsiya xaritasi va 360 darajali virtual ko‘rgazma ham bor.

Kelajakda platformaga davlat xaridlari rejalari, lotlar, shartnomalar va monitoring ma’lumotlarini qo‘shish rejalashtirilgan. Bunda xaridlarning o‘zi avvalgidek elektron xarid tizimlarida o‘tkaziladi, platforma esa ular haqidagi ma’lumotlarni jamlab, tahlil qilishni osonlashtiradi.

Investorlar uchun

Investorlar katalogdan mahsulotni mustaqil qidirib, korxona kartochkasidagi kontaktlar orqali ishlab chiqaruvchi bilan bevosita bog‘lanishi mumkin. Ular loyihasi talablariga mos ishlab chiqaruvchilarning tayyor ro‘yxatini ham so‘rashi mumkin.

Buning uchun investorlar bo‘limida (invest.icppa.uz) One ID yoki elektron pochta orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza yuborish kerak.

Arizada quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • loyiha nomi, sohasi va amalga oshiriladigan hudud;
  • investorning aloqa ma’lumotlari;
  • kerakli mahsulotlar ro‘yxati, ularning miqdori, texnik xususiyatlari va yetkazib berish muddati;
  • zarur hollarda texnik chizmalar va boshqa hujjatlar;
  • mahalliy muqobil mahsulot yoki texnik topshiriq asosida tayyorlanadigan mahsulotni ko‘rib chiqishga tayyorlik;
  • loyiha ma’lumotlari va kontaktlarni oshkor qilish shartlari.

Ariza uch bosqichda ko‘rib chiqiladi. Avval moderator uni tegishli tarmoq uyushmasi yoki agentlikka yo‘naltiradi, ular 2 ish kuni ichida ehtimoliy ishlab chiqaruvchilarni saralaydi.

Keyin agentlikning hududiy ofisi 3 ish kuni ichida korxonalar bilan bog‘lanib, ularning mahsulotni zarur hajmda ishlab chiqarish va muzokaraga kirishish imkoniyatini tekshiradi. So‘nggi bosqichda 2 ish kuni ichida yakuniy ro‘yxat tasdiqlanadi.

Jami jarayon 7 ish kuni davom etadi. Korxonani ro‘yxatga qo‘shish yoki undan chiqarish sababi bilan birga elektron reyestrda qayd etiladi.

Yakuniy ro‘yxat investorning shaxsiy kabinetiga yuboriladi, uni PDF shaklida yuklab olish mumkin. Shundan so‘ng moderator investor tanlagan korxonalar bilan uchrashuvlar tashkil etishga ko‘maklashadi.

Agentlik investor nomidan mahsulot sotib olmaydi va ishlab chiqaruvchiga buyurtma bermaydi. Narx, yetkazib berish muddati va shartnoma shartlari investor bilan ishlab chiqaruvchi o‘rtasida kelishiladi.

Ishlab chiqaruvchilar uchun

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar icppa.uz'da ro‘yxatdan o‘tib, korxonasi va mahsulotlari haqidagi ma’lumotlarni joylashtirishi va o‘z imkoniyatlarini investorlar hamda yirik buyurtmachilarga ko‘rsatishi mumkin.

Agentlikning fikricha, bundan ko‘proq kichik va o‘rta biznes yutadi, chunki ularning ko‘pchiligi yirik loyihalarda o‘z mahsulotiga talab borligidan bexabar bo‘lgan.

Mahsulot kartochkasida texnik xususiyatlar, o‘lchamlar, ishlab chiqarish quvvati va sertifikatlar ko‘rsatiladi. Aniq buyurtma tushganda korxona narx, yetkazib berish muddati va ajrata oladigan quvvatini aniqlashtiradi.

Kooperatsiya modulida tayyor mahsulot uchun kerakli detal va butlovchi qismlarni ishlab chiqaruvchilarni qidirish mumkin. Bu ularni mahalliylashtirish imkoniyatlarini aniqlashga yordam beradi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozir platformada 46 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti ro‘yxatdan o‘tish jarayonida, ulardan 36 mingdan ortig‘i o‘zini ishlab chiqaruvchi sifatida belgilagan. Katalogda 80 mingga yaqin mahsulot pozitsiyasi bor, ular orasida mebel, avtomobilsozlik va to‘qimachilik mahsulotlari yetakchilik qiladi.

Investorlar yuborgan arizalar va tashkil etilgan uchrashuvlar bo‘yicha statistika hozircha e’lon qilinmagan.

Platforma O‘zbekistonda yetarli ishlab chiqarilmaydigan, lekin ko‘p so‘raladigan mahsulotlarni aniqlash uchun ham ishlatiladi. Mutaxassislar talab hajmi, mavjud quvvatlar, kerakli uskunalar va sertifikatlash xarajatlarini o‘rganadi.

Mahsulotni mahalliylashtirish iqtisodiy va texnik jihatdan maqsadga muvofiq deb topilsa, uni o‘zlashtirish bo‘yicha taklif tayyorlanadi. Agentlik 50 turdan ortiq mahsulot bo‘yicha tahliliy tezislarni allaqachon e’lon qilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 2027-yilda $65 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.