Toshkentdagi renovatsiya hududlarida yashovchilar Yangi Toshkentga ko‘chishda hozirgisidan kattaroq xonadon olishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

Bu norma prezidentning Yangi Toshkent va boshqa maxsus hududlarda yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash haqidagi 10-noyabr farmonida nazarda tutilgan. U Tashkent Invest munitsipal kompaniyasi ishtirokida renovatsiya loyihalari amalga oshirilayotgan hududlarga taalluqli.

Farmonning 10-bandiga ko‘ra, kompensatsiya sifatida qiymati renovatsiya hududidagi ko‘chmas mulkning baholangan qiymatidan 1,5 baravargacha yuqori bo‘lgan xonadonlar berilishi mumkin.

Hokimlikning ta’kidlashicha, farmon uy egalariga Yangi Toshkentda dastlabki uy maydonining 150% igacha bo‘lgan xonadon berishni nazarda tutadi. Masalan, oilaning 50 kv. metrlik xonadoni bo‘lsa, variantlardan biri sifatida 75 kv. metrgacha bo‘lgan yangi uy ko‘rib chiqilishi mumkin.

Agar xonadon maydoni 70 kv. metr bo‘lsa, egalariga 105 kv. metrgacha bo‘lgan bitta kattaroq uy yoki ikkita alohida xonadon (masalan, 45 va 60 kv. metrlik) taklif qilinishi mumkin. Biroq hokimlik bu kafolatlangan shart emasligini ta’kidladi.

“Har bir holat ko‘chmas mulkning xususiyatlari va uy egalarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda alohida ko‘rib chiqiladi”, — deyiladi xabarda.

Takliflarni tayyorlashga mustaqil tashkilotlar jalb qilinadi, xonadonlar maydoni, soni va boshqa shartlar tomonlar bilan kelishiladi. Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, uy egalari huquqlarini himoya qilish, tartib-taomillarning shaffofligi va kompensatsiya shartlarini kelishish tamoyillari o‘zgarishsiz qoladi.


Prezident iyun oyida shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Hujjat renovatsiya loyihalarining butun jarayonini — dastlabki tashabbusdan tortib aholiga kompensatsiya to‘lash va yangi obyektlarni foydalanishga topshirishgacha tartibga soladi.

Qonun Qonunchilik palatasida 2025-yil 9-sentabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda ma’qullangan. U e’lon qilinganidan olti oy o‘tib, oktabrdan kuchga kirdi.

Spot qonun aynan nimalarni nazarda tutishi, loyihalar qanday boshlanishi va moliyalashtirilishi, uy egalari nimaga haqli ekani hamda davlat jarayonni qanday nazorat qilishi haqida batafsil tahlil tayyorlagan.

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov avgust oyida Anhor.uz'ga bergan intervyusida har yili 12−15 ming kishini yangi uylarga ko‘chirish rejasi borligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap yashash sharoiti noqulay bo‘lgan eski uylarda istiqomat qiluvchilar haqida bormoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, renovatsiyaga tushgan uylar aholisi o‘sha tumandagi yangi uydan maydoni avvalgisidan kam bo‘lmagan, ta’mirlangan xonadonni tanlashi mumkin bo‘ladi. Uningcha, uy-joyga bo‘lgan huquq maktab, bog‘cha, yashil hudud va dam olish joylari bilan munosib yashash sharoitini ham anglatadi.

Umurzoqov renovatsiyaga avvalgi yondashuv qayta ko‘rib chiqilganini ham aytgan. Ilgari shahar hokimligi bunday loyihalarni xususiy sektorga topshirishni rejalashtirgan, chunki uning o‘zi bu bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega emas edi. Keyinroq hokim bu yondashuvni xato deb hisoblagan.

“Xususiy sektorda xohlaysizmi, yo‘qmi, baribir arzonroq sotib olish, arzonroq joyga ko‘chirish manfaati bo‘ladi. Bizda esa bunday narsa yo‘q”, — degan edi Umurzoqov.

25-avgust kuni hokim Toshkentda renovatsiya dasturini amalga oshirish haqidagi qarorni tasdiqlagan. Dastur uchta hududda: Yashnobod tumanidagi Jarqo‘rg‘on, Mirobod tumanidagi A. Fitrat va Sergeli tumanidagi Xonobodtepa mahallalarida qurilishni nazarda tutadi.

Avvalroq Spot Yangi Toshkentdagi qaysi obyektlar qurilishda qo‘shimcha imtiyozlarga ega bo‘lishi haqida yozgandi.