Avvalroq 10-iyun kuni prezident “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonunni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Qonunga ko‘ra, huquq egalari bilan ochiq muhokama renovatsiya loyihasining konsepsiyasi ishlab chiqilgan kundan e’tiboran 2 oy ichida o‘tkaziladi.
Ochiq muhokamada obyektlarni renovatsiya loyihasiga kiritish uchun har bir obyekt egalarining kamida 4/5 qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish renovatsiyani amalga oshirishning majburiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Huquq egasi renovatsiya loyihasini amalga oshirishda o‘z xohishiga ko‘ra kompensatsiya olishi yoki hissa qo‘shuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
Kompensatsiya quyidagi to‘rtta shaklga ega bo‘lgan ketma-ketlikda bo‘lishi mumkin:
- shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish;
- boshqa joydan turar va noturar joy toifasidagi obyektni mulk qilib berish;
- pul mablag‘lari;
- kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach — dekabr oyi o‘rtalaridan kuchga kiradi.
Mart oyida Urbanizatsiya qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev renovatsiya loyihalarida mulkdorlar roziligi chegarasi 80% etib belgilanganiga izoh bergandi.
Uning aytishicha, qaror ko‘pchilik manfaatini inobatga oladi, qolgan 20% bilan esa muzokara qilinadi yoki masala sud orqali hal etiladi. Uy-joylarni sotib olish jarayonini davlat amalga oshiradi. Rozilik olingach, investitsiya kompaniyalari hududni rivojlantirish loyihasini ishlab chiqib, keyingi qurilish ishlarini boshlaydi.
Shuningdek, renovatsiyada 80% rozilik mulkdorlar soni bo‘yicha hisoblanadi. Har bir uy-joy mulkdori mulk maydoni yoki ulush miqdoridan qat’i nazar, mustaqil subyekt sifatida hisobga olinadi.
Kompensatsiya esa kvadrat metrning bozor qiymatiga bog‘lanadi. 1 kvadrat metrning o‘rtacha bozor narxi boshqa mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan bitimlar asosida hisoblab chiqiladi.
Avvalroq Spot Samarqanddagi Kimyogarlar qo‘rg‘oni renovatsiya qilinishi haqida yozgan edi.