Renovatsiya loyihalari doirasida kompensatsiya kvadrat metrning bozor qiymatiga bog‘lanadi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Kamron Nigmatov Spot’ga bergan izohida ma’lum qildi.
Prezidentning joriy yil 24-fevraldagi qarori (PQ-73-son) bilan tasdiqlangan Kompleks qurilish loyihalarini amalga oshirish tartibiga ko‘ra, “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida belgilangan hududlardagi renovatsiya loyihalarida kelishuvga erishilmagan mulkdorlarga investitsiya kompaniyasi rozilik olingan mulkdorlar bilan shakllantirilgan o‘rtacha bozor narxi miqdorida kompensatsiya belgilanadi.
Shu bilan birga, prezidentning 2025-yil mart oyidagi farmoni (PF-43-son) bilan 2025-yildan bosqichma-bosqich barcha ko‘chmas mulk obyektlari ularning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlash maqsadida davriy ravishda ommaviy baholashdan o‘tkaziladi.
Nigmatovning so‘zlariga ko‘ra, eksperiment tariqasida Toshkentda ko‘chmas mulklarni ommaviy baholash ishlari yakunlangan. Ushbu mexanizmni 2026−2027 yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida, 2027-yil va undan keyingi yillarda esa qolgan hududlarda bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Kompensatsiya mexanizmining mazmuni shundaki, kelishuvga erishilmagan mulkdorlarga to‘lovlar bozor sharoitlari asosida belgilanadi. Bunda kompensatsiya miqdori kelishuvga erishilgan mulkdorlar bilan tuzilgan bitimlar asosida shakllangan o‘rtacha narxga tayanilgan holda aniqlanadi.
“Bu yerda gap shartli yoki ma’muriy tarzda belgilangan qiymat haqida emas, balki real amalga oshirilgan bitimlar orqali tasdiqlangan bozor bahosi haqida bormoqda”, — dedi Qo‘mita boshqarma boshlig‘i.
Ushbu mexanizmga ko‘ra, investitsiya kompaniyasi avval rozilik bergan mulkdorlar bilan kelishuv bitimlarini tuzadi. Ushbu bitimlarda belgilangan 1 kvadrat metr uchun narxlar yig‘indisi asosida o‘rtacha ko‘rsatkich shakllantiriladi.
Keyinchalik, rozilik bermagan mulkdorlarga taklif etiladigan kompensatsiya aynan shu o‘rtacha bozor qiymatiga asoslanadi. Bu esa to‘lovlar miqdorini bir tomonlama belgilash holatlarini istisno etadi va uni bozor mexanizmiga bog‘laydi.
Kamron Nigmatovning ta’kidlashicha, bu yondashuv renovatsiya jarayonlarida barcha mulkdorlar uchun nisbatan teng va adolatli sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan. Natijada rozilik berganlar qanday shartlarda kelishgan bo‘lsa, boshqa mulkdorlar ham shakllangan bozor diapazonidan kelib chiqqan holda kompensatsiya olishlari mumkin bo‘ladi.
“Bu esa „bir guruh uchun bir xil, boshqalar uchun boshqacha“ degan holatlarning oldini oladi”, — dedi Urbanizatsiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i.
Bundan tashqari, u kompensatsiya miqdori aniq hisob-kitoblarga — amaldagi bitimlarga asoslanishi hamda uni tekshirish imkoniyati mavjud bo‘lishini qayd etdi.
Mart oyida Urbanizatsiya qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev renovatsiya loyihalarida mulkdorlar roziligi chegarasi 80% etib belgilangani haqida izoh bergandi.
Uning aytishicha, qaror ko‘pchilik manfaatini inobatga oladi, qolgan 20% bilan esa muzokara qilinadi yoki masala sud orqali hal etiladi. Uy-joylarni sotib olish jarayonini davlat amalga oshiradi. 80% rozilik olingach, investitsiya kompaniyalari hududni rivojlantirish loyihasini ishlab chiqib, keyingi qurilish ishlarini boshlaydi.
Avvalroq Spot renovatsiyada 80% rozilik mulkdorlar soni bo‘yicha hisoblanishi haqida yozgandi.