O‘zbekistonda ayrim tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda bodi-kameralardan foydalanilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bu bo‘yicha prezident farmoni loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyiha prezidentning ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutib, qo‘mita tomonidan o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirishga qaratilgan.

Xususan, 2027-yil 1-iyuldan boshlab tadbirkorlik subyektlarida olib boriladigan tekshiruvlarda bodi-kameradan foydalanishni joriy etish taklif qilinmoqda. Ushbu tartib 2028-yilga qadar bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari xizmat vazifalarini idoraviy formali kiyimda amalga oshiradi.

Qo‘mita uch oy ichida xodimlarning formali kiyimi namuna-etalonlarini tasdiqlash bo‘yicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim bo‘ladi.

Farmon loyihasi bo‘yicha muhokamalar 25-iyungacha davom etadi. Fikr-mulohazalarni havola orqali bildirish mumkin.

Avvalroq Spot Farg‘onada tadbirkorni asossiz elektrdan uzib qo‘ygan mansabdor jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.