Farg‘ona viloyatida tadbirkorni elektrdan noqonuniy uzib qo‘ygan mansabdor jarimaga tortildi. Bu haqda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil matbuot xizmati xabar berdi.

F.U.T korxonasi asossiz ravishda elektr energiyasi tarmog‘idan uzib qo‘yilganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Ijara asosida faoliyat yurituvchi korxona belgilangan tartibda ETK bilan shartnoma tuzib, alohida hisob raqami asosida elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirib kelgan. Korxona qarzdorlik mavjud bo‘lmasa-da, bino-inshootning huquqiy egasi qarzdorligi sababli elektr tarmog‘idan asossiz ravishda uzib qo‘yilgan.

Tadbirkorlar vakili hukumatning 2024-yil 1-maydagi 319-son qarori bilan elektr ta’minoti korxonasi iste’molchiga elektr energiyasi yetkazib berishning to‘xtatilishi hamda buning sabablari haqida oldindan ma’lumot berishi shartligini eslatdi.

Tadbirkorning huquqlarini tiklash maqsadida Biznes-ombudsman devoni tomonidan holat yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borildi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241³-moddasiga muvofiq, tadbirkor faoliyatini qonunga xilof ravishda to‘xtatib turish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Natijada, korxonani asossiz ravishda elektr tarmog‘idan uzib qo‘yganlik holati yuzasidan shahar ETKning mas’ul rahbariga nisbatan ma’muriy jazo chorasi qo‘llanildi. Korxonaga elektr energiyasi yetkazib berish qayta tiklandi.

Avvalroq Spot Toshkentda peshlavhalarni buzish va biznesni elektr energiyasidan uzish davom etayotgani haqida yozgan edi. Murojaatlarda keltirilgan holatlar tasdiqlansa, Biznes-ombudsman aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘radi.