Toshkentda tadbirkorlar peshlavhalarini demontaj qilish va elektr energiyasidan uzib qo‘yish holatlari davom etmoqda. Bu haqda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, poytaxtda ayrim hollarda tadbirkorlarning reklama vositalari majburiy tartibda demontaj qilinayotgani hamda talablar bajarilmagan taqdirda elektr energiyasidan uzish holatlari kuzatilayotgani yuzasidan Biznes-ombudsmanga murojaatlar kelib tushmoqda. Ular idora nazoratiga olinib, hozirda holatlar atroflicha o‘rganilmoqda.

Qayd etilishicha, mas’ul tashkilotlar va mansabdor shaxslar ta’sir choralarini qo‘llashda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishi lozimligi haqida ogohlantiriladi. Har qanday cheklov va majburlov choralari faqat qonuniy asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llanilishi lozim.

Biznes-ombudsman o‘rganishlar yakuni bo‘yicha murojaatlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topsa, qonunchilikda belgilangan tartibda aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishga va’da berdi.

Bir kun avval umumiy ovqatlanish tarmog‘i ta’sischilaridan biri (Spot ma’lumotlarga ega, biroq muallif iltimosiga ko‘ra ularni ochiqlamaydi) Savdo-sanoat palatasiga ommaviy murojaat yo‘lladi, uning matni tahririyat ixtiyorida mavjud.

Murojaatda Sergeli tumanida tuman hokimligi xodimlari tomonidan xizmat guvohnomasi, rasmiy hujjatlar yoki oldindan ogohlantirishlarsiz peshlavha majburan demontaj qilingani haqida so‘z boradi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, buning oqibatida kompaniyaga katta miqdorda zarar yetgan.

Bundan tashqari, hokimlik vakillarining talabi bilan bino elektr ta’minoti va internetdan butunlay uzib qo‘yilgan, natijada bu amalda korxona faoliyatini deyarli izdan chiqargan.

Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, voqea joyiga yetib kelgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari undan mobil telefonini topshirishni talab qilishgan va sodir bo‘lgan voqealarni aks ettiruvchi videoyozuvlarni majburan o‘chirib tashlagan. Bundan tashqari, ular xodimni bo‘limga olib ketish bilan tahdid qilgan.

Spot’ga ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi vaqtlarda peshlavhalarni majburan demontaj qilish bilan bog‘liq boshqa holatlar ham kuzatilgan. Tadbirkorlarning aytishicha, bunday holatlar ayrim hollarda elektr energiyasini uzib qo‘yish bilan tahdid qilish orqali amalga oshirilgan. Murojaatchilardan biri peshlavha olib tashlanishidan oldin o‘ziga hech qanday rasmiy ogohlantirish berilmaganini ta’kidlagan.

Toshkentda peshlavhalar demontaji

2025-yil bahoridan boshlab Toshkentda peshlavhalar demontaj qilinadi. Reydlar do‘konlar, kafelar, restoranlar va dorixonalarga, jumladan, faqat kompaniya nomi yoki faoliyat turi ko‘rsatilgan peshlavhalarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Hokimlik keltirgan asos: maydoni bir kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan har qanday konstruksiya reklama hisoblanadi, reklama joyining pasportisiz reklama esa noqonuniydir.

Natijada ayrim tadbirkorlar olti oydan ortiq vaqt davomida peshlavhasiz faoliyat yuritishga majbur bo‘ldi. Ular mijozlar oqimi va tushum kamayganini qayd etib, ayrim savdo nuqtalarini yopishga majbur bo‘lishdi. KFC, EVOS va Dodo Pizza kabi yirik tarmoqlar o‘nlab million so‘mlik zarar ko‘rganini bildirib, jamoaviy murojaatlar yo‘llagan.

Reydlar o‘tkazilgan davrda esa Toshkent dizayn-kodi hali kuchga kirmagan edi. Mazkur hujjat faqat 2026-yil 17-maydan boshlab amal qila boshladi.

May oyining boshida vaziyatga prezident aralashib, kompaniya nomi yozilgan peshlavhalarni reklama sifatida baholamaslik hamda reklama joyi pasportlarini rasmiylashtirish amaliyotini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Biroq xabar e’lon qilingan paytda bu boradagi tegishli normativ-huquqiy hujjat hali qabul qilinmagan edi.

Avvalroq ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlarga 200 mln so‘mgacha garovsiz kredit berilishi haqida yozgan edi.