Avvalroq Spot prezident farmoni bilan 2026/2027-yilgi isitish mavsumida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratilishi haqida yozgan edi.

Hujjat bilan, yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga bosqichma-bosqich o‘tishda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli, ko‘mir xaridi hamda kommunal to‘lovlar bo‘yicha yordam olishda oilalarning daromad mezonlari oshiriladi.

Unga ko‘ra, elektr va gaz iste’moli bo‘yicha kompensatsiya tayinlashda oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 baravaridan (1,072 mln so‘m) 2 baravarigacha (1,43 mln so‘m) oshiriladi.

Ko‘mir sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash, shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan kommunal to‘lovlarni qoplash, qarzdorlikni bartaraf etish yoki oilalarni ko‘mir va boshqa yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta’minlashda daromad mezoni MIXning 1 baravaridan (715 ming so‘m) 2 baravarigacha oshiriladi.

Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gazning bazaviy me’yor doirasidagi tariflari bilan undan ortiq iste’mol uchun belgilangan tariflar o‘rtasidagi farqni qoplash muddati 2028-yil 1-aprelgacha, ko‘mir xarajatlarining bir qismini qoplash uchun moddiy yordam to‘lash muddati esa 2029-yilgacha uzaytiriladi.

Oktabr oyida Ijtimoiy himoya milliy agentligi mazkur prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Muhokamalar 28-oktabr kuni yakunlangan.

Avvalroq Spot 1-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 2,5 baravarga oshishi mumkinligi haqida yozgan edi.