Iqtisodiyot va moliya vazirligi aholini suyultirilgan gaz bilan ta‘minlash tizimida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishni taklif qilmoqda. Tegishli Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxini QQS bilan bir kilogramm uchun 5000 so‘m etib belgilash rejalashtirilmoqda. Bu amaldagi 2000 so‘mlik narxdan 2,5 baravar yuqori.

Hukumat tayyorlagan tushuntirish materiallarida aytilishicha, amaldagi bir kilogramm uchun 2000 so‘mlik narx aholini belgilangan muddatlarda zarur hajmda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash imkonini bermayapti.

Shuningdek, Hududgazta‘minot tomonidan tashkil etilgan LPG-Trade kompaniyasi va loyiha doirasidagi tadbirkorlar uchun suyultirilgan gazni aholiga yetkazib berish xizmatining cheklangan narxini QQS bilan bir kilogramm uchun 1300 so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda.

Aholiga belgilangan narxlarda suyultirilgan gaz yetkazib berish bilan bog‘liq iqtisodiy asoslangan xarajatlarni qoplash uchun LPG-Trade korxonasiga davlat budjetidan subsidiya ajratish nazarda tutilgan.

Ehtiyojmand oilalarning suyultirilgan gaz xarajatlarini qisman qoplash uchun 2030-yil 1-yanvargacha kompensatsiya to‘lovlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Ulardan quyidagi toifadagi oilalar foydalanishi mumkin:

  • Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar;
  • Reyestrga kiritilmagan, biroq ehtiyojmandlik mezonlariga mos keladigan va jon boshiga o‘rtacha oylik daromadi minimal iste‘mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmaydigan oilalar (hozirda bu 1,43 mln so‘m — Spot);
  • Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar.

Kompensatsiya xarid qilingan suyultirilgan gazning har kilogrammi uchun 3000 so‘mni tashkil etadi. Bunda bir oyda ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz xaridi uchun kompensatsiya beriladi.

Shunday qilib, ehtiyojmand oilalar oyiga 60 ming so‘mgacha kompensatsiya olishi mumkin.

To‘lovlar suyultirilgan gaz xarid qilingani tasdiqlangandan keyin oilalarning ijtimoiy kartalariga o‘tkaziladi. Buning uchun Hududgazta‘minot va Ijtimoiy himoya milliy agentligi 1-noyabrgacha E-gaz Billing hamda Yagona milliy ijtimoiy himoya axborot tizimlarini integratsiya qilishi kerak.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2027-yil 1-maygacha suyultirilgan gazning davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlarini erkinlashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi belgilangan.

Bunda gaz bozorining rivojlanish darajasi, islohot natijalari va aholini ijtimoiy himoya qilish zarurati hisobga olinadi.

Raqobat qo‘mitasi tovar-xomashyo birjalari savdolarida suyultirilgan gaz narxlarining sun‘iy oshirilishiga qarshi doimiy nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, bitta xonadonda ikki yoki undan ortiq oila yashasa, muayyan shartlar asosida har bir oilaga alohida maishiy gaz balloni ajratishga ruxsat berish taklif etilmoqda.

Buning uchun xonadonda texnik talablarga mos gaz plitasi va oshxona mavjud bo‘lishi, shuningdek, “mahalla yettiligi” hamda gaz ta‘minoti xodimlari joyiga chiqib, tegishli dalolatnoma rasmiylashtirishi kerak. Bitta kadastr raqami mavjudligi alohida ballon ajratishga to‘sqinlik qilmaydi.

Hukumat ma‘lumotlariga ko‘ra, yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taxminan 220 ming abonentni qamrab olishi rejalashtirilgan. Bu maqsadlar uchun 158 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Spot avvalroq ayrim oilalarga noyabrda 1 mln so‘mdan bir martalik yordam puli berish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.