Avvalroq Spot prezident moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish chora-tadbirlarini tasdiqlagani haqida yozgan edi.

Hujjat bilan 2026-yil 1-iyuldan boshlab Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida avval mikrokredit olgan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi.

Bundan tashqari, Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi kichik biznesga kredit (lizing) miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha qismi uchun foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etadi.

Shu bilan birga, har yili dastur asosida qo‘llab-quvvatlangan, o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta tadbirkorga 300 mln so‘mgacha grant ajratiladi. Mablag‘lar faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni va yashil texnologiyalarni joriy etish xarajatlari yo‘naltiriladi.

Kompaniyaga ikki oy muddatda grant taqdim etiladigan 100 ta tadbirkorni aniqlash tartibini tasdiqlash hamda har yili may oyiga qadar grant beriladigan biznes vakillari ro‘yxatini jamoatchilikka e’lon qilib borish vazifasi topshirildi.

25-may kuni prezident kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda kichik biznes uchun qo‘shimcha yengilliklar berilishi ma’lum qilingandi.

Avvalroq Spot intensiv bog‘lar uchun tadbirkorlarga islomiy moliya xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berilishi haqida yozgan edi.