25-may kuni Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trln so‘mni tashkil etayotgani, bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12% ga teng ekanligi qay etildi.

Shu bilan birga, garovsiz onlayn mikrokreditlar ulushi pastligicha qolmoqda. Ularni taqdim etish jarayoni o‘rtacha 7 kungacha davom etadi. Tadbirkor bir joyda bir nechta bankning takliflarini olish, ularni taqqoslash va eng maqbul shartlarni tanlash imkoniyatiga ega emas.

Shu munosabat bilan taqdimotda raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklif qilindi. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza beradi, bir nechta banklardan tijorat takliflarini oladi, ularni taqqoslab, o‘ziga qulayini tanlaydi.

Platforma “Elektron hukumat” tizimining raqamli maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Kichik va o‘rta biznes subyektlariga oid maʼlumotlar avtomatik ravishda olinib, banklarga taqdim etiladi. Bu kredit berish jarayonida hujjat yig‘ish, ortiqcha vaqt sarflash va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.

2026-yil 1-dekabrdan boshlab platforma doirasida sunʼiy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etiladi.

“Anʼanaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli maʼlumotlarni ham hisobga oladi. Bu kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarni ham baholash, ularga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yo‘l ochadi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kelgusida sunʼiy intellekt asosida tadbirkorning kredit tarixini yaxshilash, kelgusidagi xatarlarni baholash va biznesni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

Tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda. Mazkur dastur mahallalar ixtisoslashuvi va o‘sish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga ko‘maklashadi.

Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ham qo‘shimcha yengilliklar belgilanmoqda. Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi.

Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qatʼi nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Har yili o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 300 mln so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, kredit tarixiga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes subyektlariga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, platforma xavfsizligi va maʼlumotlarning himoyalanganligini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.


Avvalroq Spot biznes elektr uchun oldindan to‘liq to‘lash amaliyotini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilingani haqida yozgandi.