Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun elektr energiyasi bo‘yicha 100% oldindan to‘lov amaliyotini qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarildi.

Tadbirkorlarning taʼkidlashicha, hozirda energetika sohasida hisob-kitob tizimi avtomatlashtirilgan bo‘lib, hisobdagi mablag‘ tugashi bilan elektr taʼminoti avtomatik tarzda o‘chirilmoqda.

Shu bilan birga, yuridik shaxslardan hali ham bir oylik limit uchun 100% oldindan to‘lov talab qilinmoqda.

“Agar qarzdorlikka kirishi bilan elektrni o‘chirish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa, tizim avtomatik tarzda o‘chiryapti. Shunday ekan, qarzdorlikning o‘zi bo‘lmaydi. Puli tugadimi — o‘chadi, pul tushirsa — yana ishlaydi”, — dedi tadbirkorlardan biri.

Uning aytishicha, ayrim korxonalar uchun oldindan to‘lovni ikki qismda amalga oshirish imkoniyati berilgan. Biroq amaliyotda bu tartib to‘liq ishlamayotgani, korxonalardan yana 100% oldindan to‘lov talab qilinayotgani bildirildi.

Tadbirkorlar ishlab chiqaruvchi korxonalarni faqat amalda isteʼmol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha to‘lov tizimiga o‘tkazishni taklif qildi.

Ularning fikricha, bu korxonalarning aylanma mablag‘larini band qilmaslik va ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlashga xizmat qilishi mumkin.

2024-yilning avgustida biznes elektr va gaz uchun oldindan to‘lovlarni ikki baravarga kamaytirishni taklif qilgan edi.

Spot, avvalroq, 1-oktabrdan biznes jarimaning 50%ini bir oyda to‘lasa, qolganidan ozod etilishi haqida yozgandi.