26-may kuni moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishning navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori (PQ-204-son) qabul qilindi.
Hujjat bilan 2030-yilgacha kichik va o‘rta biznesga ajratiladigan kreditlar portfelini 3 baravarga oshirib, uning YIMdagi ulushini 20% ga chiqarish ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan ta’minotsiz onlayn mikrokreditlarni o‘rtacha 1 soat ichida ajratish imkoni yaratilib, ular ulushi 60% ga oshiriladi. Shu bilan birga, kredit tarixiga ega bo‘lmaganlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi.
2026-yil 1-iyulga qadar kredit olish uchun ariza berish hamda ariza bo‘yicha bir nechta banklarning takliflarini olish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi.
Kichik va o‘rta biznesga oid ma’lumotlar Raqamli hukumat tizimi orqali olinadi. Ular 2027-yil 1-iyungacha banklarga beg‘araz taqdim etiladi. Platformadagi ma’lumotlar asosida banklar tadbirkorlarga o‘z shartlari bo‘yicha kredit va boshqa moliyaviy xizmatlar takliflarini yuboradi. Tadbirkorlar esa ushbu takliflarni solishtirib, o‘ziga mos variantni tanlashi mumkin bo‘ladi.
Joriy yil 1-dekabrdan boshlab sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan muqobil skoring modeli joriy etilishi belgilangan. U qarz oluvchilarni 71 ta ma’lumotlar to‘plami asosida baholaydi, jumladan:
- kredit tarixi;
- daromadlar va soliq hisoboti to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- mol-mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- ta’lim va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- bank ma’lumotlari (ochilgan hisobvaraqlar, balans, tranzaksiyalar);
- sudlanganlik va ma’muriy huquqbuzarliklarning mavjudligi;
- kommunal xizmatlar va aloqa uchun to‘lovlar;
- ijro ishi yuritish doirasidagi to‘lovlar.
Platformani yuritish va muqobil skoring o‘tkazish maqsadida Markaziy bank huzuridagi Axborotlashtirish bosh markazi korxonasi ishtirokida alohida yuridik shaxs tashkil etiladi. Platforma operatorining axborot tizimlari va resurslari korxonada joylashtiriladi.
Shuningdek, banklar mahallalar ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari"ni hisobga olib biznes g‘oyalarni ishlab chiqish orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan AI maslahatchi dasturini ishga tushiradi.
25-may kuni prezident kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgan edi. Unda ushbu platformani ishga tushirish taklif qilingan.
Avvalroq Spot intensiv bog‘lar uchun tadbirkorlarga islomiy moliya xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berilishi haqida yozgan edi.