Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 14-may kuni hududlarda intensiv sanoatlashgan bog‘larni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgani haqida yozgan edi.

Unda tomorqa va dehqon xo‘jaliklaridagi eski bog‘larni yangilash ham e’tibordan chetda qolmasligi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun mahalla bankiri orqali aholiga 50 donagacha ko‘chat yoki 2 mln so‘mgacha qarz berish, dehqonlarga esa eskirgan bog‘larni yangilash uchun 150 mln so‘mgacha kredit ajratish taklif qilindi.

2026−2028-yillarda 168 ming gektar sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning hisobiga $2 mlrd investitsiya jalb qilinib, 258 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Bunday loyihalarni moliyalashtirish va amaliy qo‘llab-quvvatlash uchun 9 ta bank hududlarga biriktiriladi. Ular sanoatlashgan bog‘larni tadbirkorlarga tayyor holda topshirish bilan birga ikki yil davomida agrotexnik, moliyaviy va tashkiliy jihatdan kuzatib boradi.

Yig‘ilishda intensiv bog‘ tashkil qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida tizim joriy etilishi belgilandi. Joylardagi Agrostar kompaniyalari tadbirkorlar bilan ulushdorlik asosida hamkorlik qiladi. Kompaniyalar ustav kapitalining 50% igacha qismida pul mablag‘i bilan, tadbirkor esa yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi bilan ishtirok etadi.

Biznesga Agrostar ulushini qayta baholamasdan 7 yil ichida bo‘lib-bo‘lib sotib olish huquqi beriladi. Bu tizim eski bog‘ egalarini ham manfaatdor qiladi: ular yangilangan bog‘lardan orttirgan daromadi hisobidan ulushni bosqichma-bosqich sotib olib, keyinchalik intensiv boqqa to‘liq egalik qilishi mumkin bo‘ladi.

Bunday loyihalarga banklar tomonidan har bir gektar uchun 120 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Qarz vaqtida qaytarilsa, foiz stavkasining yarmiga kompensatsiya beriladi. Shuningdek, sanoatlashgan bog‘larning parvarishlash xarajatlari uchun 3 yil davomida har gektarga 5 mln so‘mdan subsidiya beriladi.

Suv tejovchi texnologiyalar, mevali ko‘chat va qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun tadbirkorlar islom moliyasi xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Prezident yig‘ilishda so‘zga chiqqan tadbirkorlarning yetishtirilgan yoki import qilingan mevali ko‘chatlar va payvandtaglar uchun QQSni nol stavkada qo‘llash, suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan sanoatlashgan bog‘larda quduqlardan olinadigan suv uchun soliqni 5 yil muddatga 1 so‘m etib belgilash haqidagi takliflarini ma’qulladi.

Mutasaddilarga eski va samarasiz bog‘larni yangilash, sanoatlashgan bog‘lar bo‘yicha aniq loyihalarni shakllantirish, banklar, hokimliklar va tadbirkorlar hamkorligini tizimli yo‘lga qo‘yish, har bir hududda eksportbop navlar, agrologistika va qayta ishlash quvvatlarini rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlashtirishni bekor qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edi.