12-may kuni Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘zbekiston 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini $10 mlrdga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni maqsad qilgan.

Yig‘ilishda bu maqsadlarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shug‘ullanib kelmoqda. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari o‘rtasida yagona maʼlumotlar bazasi shakllanmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘simliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qo‘mitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjudligi, shu bilan birga, mahsulotni “yetishtirishdan isteʼmolchigacha” kuzatib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Eksportda ham hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar borligi qayd etildi. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan mahsulotlarimizda pestitsid qoldiqlari bo‘yicha 25 ta ogohlantirish berilgan.

Bu xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish uchun mahsulot xavfsizligini nazorat qilish tizimini tubdan o‘zgartirishni talab qiladi.

Amalda nazorat idoralari tomonidan faqatgina yakuniy mahsulotni tekshirish bilan chegaralangani, ishlab chiqarish zanjirida oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini kafolatlovchi xalqaro standartlarni joriy qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani qayd etildi.

Shu munosabat bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratilishi belgilandi.

Unga muvofiq, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi.

U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi negizida shakllantiriladi.

Yangi tizimda biznesga to‘siq bo‘layotgan eskirgan tekshiruvlardan voz kechish rejalashtirilmoqda. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlashtirish xavf-xatarlarni baholashga asoslangan nazorat va tekshirish mexanizmlari bilan almashtiriladi.

Bugungi kunda mamlakatdagi 80 mingta obyektdan faqat 1,6 mingtasida, yaʼni 2% ida bunday tartib qo‘llanilmoqda. Endilikda xavfli mahsulotlar to‘g‘risida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish bo‘yicha elektron tizim yaratiladi.


Avvalroq Spot Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga rais bo‘lgani haqida yozgandi.