
Iman chocolate and fruits asoschisi.
Kunim ertalab soat 7 da boshlanadi: birinchi navbatda mashg‘ulotlarga shoshilaman. Soat 09:00 dan ishga kirishaman, biroq kun davomida bir joyda muqim o‘tirmayman. Soat 12:00 larda ikkinchi ishxonamga yo‘l olaman, u yerda soat
Asosiy ish joyimda o‘z jamoam bor. Ular bilan masalalarni birgalikda muhokama qilib, vazifalarni taqsimlaymiz, so‘ng jamoa ijroga kirishadi. Boshqa loyihalarda esa ish jarayoni asosan, Telegram orqali boshqariladi. Strategik va vazifalarni masofaviy tarzda birgalikda hal qilamiz, kundalik mayda ishlarni esa xodimlar o‘z mas’uliyatlari ostida mustaqil bajarishadi.
Ayni damdagi tig‘iz ish tartibini vaqtinchalik zarurat, deb bilaman. Yoshlikdagi kuch-g‘ayratdan foydalanib, hozir qattiq ishlashimiz kerak. Maqsadim, kelajakda barcha jarayonlarni tizimlashtirib, o‘z-o‘zidan ishlaydigan darajaga keltirish.
Haftada bir kunni albatta, oilamga bag‘ishlayman, o‘g‘illarim bilan birga vaqt o‘tkazamiz. Shuningdek, an’anaga ko‘ra, yilda bir marotaba ularni chet elga sayohatga olib chiqaman. Dam olish kunlarimizning ajralmas qismi oilaviy futbol o‘yinlarimizdir. Shundan so‘ng, birgalikda toqqa chiqishimiz yoki shahar ichida aylanib, hordiq chiqarishimiz mumkin.
Tadbirkorlikning oltinchi qoidasi sifatida shuni aytishim mumkinki, boshida inson tinim bilmasligi kerak. To‘g‘ri, biznesning ilk bosqichida jamoa shakllanmagani va mablag‘ tejash zarurati sababli ko‘p vazifalarni tadbirkorning o‘zi bajarishiga to‘g‘ri keladi. Biroq, aynan shu jarayonda u barcha mas’uliyatni faqat o‘z zimmasiga kishan qilib olmasdan, bosqichma-bosqich ishni delegatsiya qilishni o‘rganishi shart.
Menejment, marketing va SMM kabi yo‘nalishlarni avval, o‘zi chuqur tahlil qilib, tizimni tushunib olishi, so‘ngra aniq strategiya asosida bu vazifalarni professional jamoaga topshirishi lozim. Shundagina tadbirkor kundalik mayda ishlardan xalos bo‘lib, biznesni kengaytirishga e’tibor qaratishi mumkin.
Kengayish va o‘sish yo‘lida ba’zida uyqusiz tunlarni o‘tkazishga ham to‘g‘ri keladi. Biz ham o‘z vaqtida shunday bosqichlardan o‘tganmiz, tinimsiz mehnat qilganmiz. Bir narsani unutmaslik kerak, har bir inson o‘z kelajagi uchun o‘zi kurashishi lozim, hech kimdan yordam kutish kerak emas. Tadbirkorning bilimi doimo o‘tkir bo‘lishi kerak, buning uchun esa kitob o‘qish, tinimsiz o‘z ustida ishlash hamda xalqaro tajribani o‘rganish hayotiy zarurat hisoblanadi.

MAlin hammuassisi.
Tadbirkor sifatidagi dastlabki uch yil men uchun qiyin bo‘lgan: o‘shanda tom ma’noda hayotdan uzilib qolib, deyarli butun vaqtimni ishga bag‘ishlardim. Biznesni oyoqqa turg‘azish to‘liq sho‘ng‘ishni talab qilgan. Hozir esa, xayriyatki, dam olishga va hayot bilan ish o‘rtasida sog‘lom muvozanat qurishga imkonim bor. Hali ham har kuni ishlayman, lekin bu jarayon hozirda o‘rtacha 4−6 soatni tashkil etadi. Qolgan vaqtimni esa yaqinlarimga, shaxsiy rivojlanishimga sarflashga harakat qilaman.
Ishdagi kunimning asosiy jarayonlarni tekshirishdan boshlayman: do‘kon, ishlab chiqarish, buyurtmalar holati va jamoaning joriy vazifalarini ko‘rib chiqaman. Shundan so‘ng asosiy e’tiborimni g‘oyalar, brend rivoji, vizual uslub, yangi modellar va kontent yaratish kabi ijodiy masalalarga qarataman. Kun davomida muhim masalalarni tezkor hal qilish uchun jamoa bilan doimiy aloqada bo‘lib turaman. Avvallari kunim tartibsiz va butunlay biznesga bo‘ysungandi, hozir esa uni ancha tizimli tashkil etishga o‘rgandim.
Biznesni oyoqqa turg‘izishda fidoyilik bu tanlov emas, balki zarurat. Ish birinchi o‘ringa chiqib, shaxsiy hayot va uyqu ikkinchi darajaga tushib qoladigan paytlardan hamma o‘tadi. Bu bosqichda yaqinlarning daldasi juda muhim. Lekin doimiy ravishda “yonib” ishlashni norma, deb bilmayman. Men uchun tadbirkor sifatidagi haqiqiy mahorat biznesni shunday tizimlashtirishki, u sizni hayotdan uzib qo‘ymasligi kerak.
Rostini aytsam, tadbirkor uchun ishdan butunlay “uzilib” ketish har doim ham oson emas. Biznes haqidagi o‘ylar, yangi rejalar yoki joriy masalalar baribir xayolning bir chekkasida aylanib turaveradi. Biroq, aynan mana shu qisqa tanaffuslar uzoq masofaga charchamay yugurish va ishga yangi energiya bilan qaytish uchun juda zarur.
Ishni endi boshlayotgan tadbirkorlarga avvalo, shoshilinch va muhim vazifalarni bir-biridan ajratishni o‘rganishni maslahat bergan bo‘lardim. Hamma narsani o‘z yelkangizga olishga urinmang bu juda tez toliqishga va burnoutga olib kelishi mumkin.
Dastlab, go‘yo hamma ishni faqat o‘zingiz mukammal bajara oladigandek tuyulishi mumkin. Biroq shuni tushunish kerakki, haqiqiy o‘sish vazifalarni ishonib topshirish delegatsiya qilishni o‘rganganingizda boshlanadi. Yana bir muhim jihat: o‘zingizni qayta tiklash uchun albatta vaqt ajrating. Unutmang, tadbirkorlik qisqa masofaga yugurish emas, balki uzoq davom etadigan marafondir. Bu yo‘lda muvaffaqiyatga erishish uchun esa kuchni to‘g‘ri taqsimlash va “nafasni rostlab olish” juda zarur.

Ramz Jewel asoschisi.
Kuniga taxminan to‘rt-besh soat vaqtimni ishga sarflayman. Kun tartibim odatda quyidagicha: ertalab nonushtadan so‘ng, birinchi navbatda ayolimni ishga tashlayman. So‘ngra, kunora soat 10:00 dan 12:00 gacha ingliz tili darslariga boraman. O‘qishdan keyin ishxonaga kelib, nazorat jarayonlarini amalga oshiraman: mavjud muammolar bilan tanishaman, buyurtmalarni va bajarilayotgan ishlarni ko‘rib chiqaman. Kunning ikkinchi yarmi, odatda, ko‘proq mijozlar bilan uchrashuvlarga bag‘ishlanadi. Ish vaqtimiz soat 19:00 gacha davom etadi. Shu vaqtgacha ishlarni yakunlab, keyin uyga qaytamiz.
Sotuv jarayonlari, kontent yaratish va allaqachon avtomatlashgan, mahsulotlarimizni ishlab chiqarishni esa to‘liq jamoaga topshirganman. Jamoa mahsulotni boshidan oxirigacha tayyor holga kelguncha bo‘lgan jarayonni mustaqil amalga oshiradi.
O‘zim bevosita nazorat qiladigan va asosiy e’tiborimni qaratadigan jihatlar: asosiy mijozlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, buyurtmalar olish va yangi loyihalarni amalga oshirish hisoblanadi. Yangi qilinayotgan ishlarning tepasida o‘zim turaman, jarayonni to‘liq nazorat qilaman, hatto ayrimlarini aynan o‘zim bajaraman. Bunday yangi jarayonlar, mahsulotlar to‘liq mening nazoratimda bo‘ladi.
Ishga ko‘proq vaqt ajratishni, qaysidir ma’noda buni tadbirkorlik qismati, deb atash mumkin. Dam olmasdan ishlash va barcha rejimlardan chiqib ketgan holda ishxonada qolib ketish tadbirkorlikning ajralmas qismi bo‘lsa kerak. Hozirda o‘zimizga vaqt ajratishga va haftada hech bo‘lmaganda bir kunni to‘liq oila davrasida o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Bor e’tiborimizni mana shu muvozanatni tiklashga qaratganmiz.
Dam olish kunlarimni, odatda, oilam davrasida o‘tkazishga harakat qilaman. Ko‘proq tabiat qo‘yniga, ayniqsa, tog‘li hududlarga chiqishni xush ko‘raman. Shuningdek, baliq oviga juda qiziqqanim uchun, imkon qadar bo‘sh vaqtimni mana shu mashg‘ulotga bag‘ishlashga intilaman.
Tadbirkorlarga bor e’tiborni faqat ishga qaratishni maslahat bergan bo‘lardim.

Bahor France asoschisi.
Kuniga roppa-rosa 3 soat bor e’tiborimni faqat ishga qarata olaman. Bir kunlik ish tartibim odatda har xil kechadi, chunki ko‘p tarmoqli biznesni boshqaraman. Lekin har doim eng muhim vazifalarni belgilab olib, ularni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilaman.
Ishlarning qariyb 80% ini sinchkovlik bilan o‘zim tekshiraman. Hisobot ishlarini jamoaga topshirgan bo‘lsam-da, mijozlar bilan aloqalar va servislarimiz sifatini shaxsan nazorat qilaman.
Biznesdagi yutuq hali inson baxtli degani emas. Lekin ishni mehr bilan qilsangiz, u baxtli bo‘lishingizga katta hissa qo‘shadi. Inson o‘zi sevgan ishi bilan shug‘ullansa, charchoqni ham sezmaydi, buni esa atrofidagilar ham his qilib turadi.
Ish sabab oilaviy vaqtdan voz kechish masalasi sharoitga bog‘liq. Mening holatimda, bizneslarim poydevorini qurish uchun juda ko‘p vaqt sarflashimga to‘g‘ri kelgan. Chunki, hammasini hech qanday moliyaviy yordamsiz, noldan, faqatgina g‘oyalar bilan boshlaganman.
Odatda, har kuni oila a’zolarimni ish va o‘qishga kuzatganimdan so‘ng, o‘zim uchun kunlik uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha reja tuzib olaman:
- Prioritet.
- Raqamli ishlar.
- O‘z ustimda ishlash.
Hayot insonga doim tajriba o‘rgatadi. Shuning uchun, avvalo, o‘zligingizni anglash va o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang. Yangi bilimlarni izlash va ularni amalda qo‘llash uchun vaqtingizni ayamang. Shuningdek, ruhiy barqarorlik va intizomni hayotingizga reja asosida kiritishni maslahat beraman.