Oktabr oyida 12 ta startap yetti nafar investordan investitsiya jalb qildi. Investitsiyalarning eng katta qismi Yoshlar Ventures fondi hissasiga to‘g‘ri keldi.
Fond UzCombinator akseleratorining Demo Day tadbiri yakunlariga ko‘ra, yettita bitimni yopib, startaplarga jami $575 ming kiritdi. Bu haqda venchur ma’lumotlar platformasi Stanbase Spot’ga ma’lum qildi.
Eng yirik bitim 2022-yilda tashkil etilgan, onlayn savdo va yetkazib berish uchun SaaS-platforma bo‘lgan Delever bilan tuzildi. U buyurtmalarni qabul qilish kanallari, to‘lovlar, kuryerlar, POS-tizimlar bilan integratsiya va tahlilni yagona tizimda birlashtiradi. Startap $380 ming investitsiya jalb qildi.
Mablag‘ AloqaVentures ($300 ming) va biznes-farishtalar klubi Nexus Club ($80 ming) o‘rtasida taqsimlandi. AloqaVentures uchun bu startapga kiritilgan takroriy investitsiya hisoblanadi: fond 2024-yilda pre-seed bosqichida Delever’ga $100 ming kiritgan edi.
Biznes uchun mo‘ljallangan Bigmart marketpleysi o‘tgan oyda $300 ming miqdorida yangi investitsiya jalb qildi. Shundan $200 ming United Ventures, $100 ming esa Imkon Ventures tomonidan kiritildi. Platforma tovarlar va xizmatlarni korporativ xarid qilish imkonini beradi. Bunda barcha xaridlar “yagona oyna” tamoyili asosida amalga oshiriladi.
Yana bir yirik investitsiya oluvchisi Markaziy Osiyo biznesi uchun AI-infratuzilma platformasi bo‘lgan CoreAI ($200 ming) bo‘ldi.
Startap kompaniyalarga generativ sun’iy intellektni o‘z mahsulotlariga joriy etishda yordam beradi, neyron tarmoqlar bilan ishlash uchun yuqori quvvatli serverlarni ijaraga beradi, foydalanish hajmiga qarab to‘lov asosida tayyor modellardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Shuningdek, mijozlar ma’lumotlari asosida modellarni qo‘shimcha o‘qitadi. Investitsiyani Yoshlar Ventures kiritadi.
Ish vaqtini hisobga olish xizmati TimePay ham shu fonddan $165 ming jalb qildi. Platforma kompaniyalarga xodimlarning ishga kelganini Face ID va smartfon orqali qayd etish, ularning joylashuvini GPS yordamida kuzatish imkonini beradi.
Xuddi shu tizimda xodimlarning vazifalari, KPI ko‘rsatkichlari va bonuslari ham yuritiladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu xizmatdan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda 800 dan ortiq mijoz foydalanadi.
Tezbor — “so‘nggi mil” yetkazib berish xizmatiga mo‘ljallangan AI-platforma bo‘lib, sotuvchilar, mustaqil kuryerlar va posilka topshirish punktlarini birlashtiradi. Startap biznes-farishtalar klubi CS//Angels'dan $150 ming oldi. Sentabr oyida esa startapga IT Park Ventures $100 ming investitsiya kiritgan edi.
CS//Angels biznes-farishtalar klubi Reveo’ga ham $60 ming investitsiya kiritdi. Reveo — savdo va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan AI-agent. U Telegram, Instagram va WhatsApp’dagi xabarlarga mijoz tilida kecha-yu kunduz javob beradi, shuningdek, savdo bo‘limidagi qo‘ng‘iroqlarni matnga aylantiradi va baholaydi.
Qurilish sohasi uchun raqamli platforma bo‘lgan Binova Yoshlar Ventures’dan $50 ming oldi. Xizmat buyurtmachilarni qurilish materiallari yetkazib beruvchilar, pudratchilar va texnika ijarasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar bilan bog‘laydi. AI-assistent esa qurilish bo‘yicha qarorlarni tezroq qabul qilishga yordam beradi. Kompaniya 2026-yilda tashkil etilgan.
CS//Angels Oyna startapining $45 minglik pre-seed bosqichidagi investitsiya raundida ham ishtirok etdi. Oyna — 7−16 yoshdagi bolalar va ularning ota-onalari uchun mo‘ljallangan oilaviy ilova. Unda bola uy vazifalarini va uy yumushlarini bajarib, tangalar ishlab topadi hamda ularni oila a’zolari bilan kelishilgan mukofotlarga almashtiradi. Oyna banklar va telekom-operatorlarga o‘z mahsulotini tizimga integratsiya qilinadigan modul sifatida taklif etadi. Xizmat joriy yilda ishga tushirilgan.
Yoshlar Ventures yana to‘rtta kompaniyaga $40 mingdan investitsiya kiritdi. Ular orasida kompyuterlar uchun Hamroh IO rejalashtirish dasturi, interyer dizayni uchun Mimoram AI ilovasi, o‘zbek nutqini 98% aniqlikda taniydigan avtomatik subtitrlar yaratish xizmati Jilo AI hamda tuproq tahlili asosida fermerlarga o‘g‘itlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar beradigan SpaceAgro agrotexnologik platformasi bor.
| Startap | Faoliyat sohasi | Investitsiya miqdori | Investorlar |
Delever | SaaS (onlayn savdo va yetkazib berish) | $380 000 | AloqaVentures, Nexus Club |
Bigmart | B2B (elektron tijorat) | $300 000 | United Ventures, Imkon Ventures |
CoreAI | Sun’iy intellekt infratuzilmasi | $200 000 | Yoshlar Ventures |
TimePay | HRTech (ish vaqtini hisobga olish) | $165 000 | Yoshlar Ventures |
Tezbor | LogTech (logistika) | $150 000 | CS//Angels |
Reveo | AI / ML (savdo va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash) | $60 000 | CS//Angels |
Binova | PropTech (qurilish sohasi) | $50 000 | Yoshlar Ventures |
Oyna | EdTech (ta'lim) | $45 000 | CS//Angels |
Hamroh IO | Dasturiy ta’minot | $40 000 | Yoshlar Ventures |
Mimoram AI | PropTech (interyer dizayni) | $40 000 | Yoshlar Ventures |
SpaceAgro | AgriTech (qishloq xo‘jaligi) | $40 000 | Yoshlar Ventures |
Jilo AI | AI / ML (media texnologiyalari) | $40 000 | Yoshlar Ventures |
Bundan tashqari, oktabr oyida yakuniy $1,5 mln hisobiga kiritilmagan yana ikkita bitim amalga oshirildi.
Nexus Club biznes-farishtalar klubi Bito ERP ERP-platformasidagi Startup Garage akseleratoriga tegishli ulushni $46 mingga sotib oldi. Bu ikkilamchi bitim hisoblanadi: mablag‘ kompaniyaning o‘ziga emas, ulushni sotgan tomonga berilgan. Sentabr oyida Bito ERP AloqaVentures’dan $300 ming investitsiya jalb qilgandi.
DOMiNO Ventures fondi Qozog‘istonning Paidax fintech-startapiga miqdori oshkor etilmagan investitsiya kiritadi. Paidax — Markaziy Osiyodagi chakana investorlar uchun mo‘ljallangan ijtimoiy investitsiya platformasi.
Foydalanuvchilar uning yordamida aksiyalar va tayyor qimmatli qog‘ozlar to‘plamlarini sotib olishi, boshqa investorlarning bitimlarini kuzatishi va ularning tajribasidan o‘rganishi mumkin. Platformadagi ayrim vositalar islomiy moliya tamoyillari asosida ishlab chiqilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda $5 mln lik xalqaro startaplar tanlovi o‘tkazilishi haqida yozgandi.
Tanlov 2027-yil aprelidan boshlab har yili SI, ijtimoiy va moliyaviy texnologiyalar, kreativ industriya, o‘yin dasturlari hamda B2B va sanoat yechimlari yo‘nalishlarida tashkil etiladi.