Sentabr oyida O‘zbekistonning 17 ta startapi investitsiya jalb qilganini ma’lum qildi. Bu haqda Spot’ga Stanbase venchur ma’lumotlar platformasi xabar berdi.
16 ta bitim bo‘yicha oshkor qilingan investitsiyalar hajmi jami $1,635 mln ni tashkil etdi. Yana bir bitim summasi ochiqlanmagan. Oyning eng yirik investorlari IT Park Ventures va AloqaVentures bo‘ldi.
12 ta investitsiya raundi 22-sentabr kuni ICT Week Uzbekistan doirasida o‘tkazilgan Startup & Venture Summit tadbirida e’lon qilindi.
Xususan, tadbirda korxonalarni boshqarish tizimini ishlab chiquvchi Bito ERP kompaniyasi AloqaVentures’dan $300 ming investitsiya jalb qilganini e’lon qildi. Platforma savdo, CRM, moliya, buxgalteriya, ombor, ta’minot, ishlab chiqarish, kadrlar boshqaruvi va ish haqi hisob-kitoblarini birlashtiradi.
Shuningdek, sun’iy intellektga asoslangan ORA marketing platformasi $200 ming investitsiya oldi. Shundan $150 mingini IT Park Ventures, $50 mingini esa Cherry Ventures kiritdi.
Platforma 30 mingdan ortiq blogerlar tarmog‘ini birlashtiradi va reklama kampaniyalarini rejalashtirish, blogerlarni tanlash hamda natijalarni tahlil qilish jarayonlarini avtomatlashtiradi.
Korporativ xaridlar uchun mo‘ljallangan, yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyati mavjud Bigmart marketpleysi ham $200 ming investitsiya jalb qildi. IT Park Ventures va AloqaVentures loyihaga $100 mingdan sarmoya kiritdi.
Yangi avtomobillarni onlayn xarid qilish, dilerlar takliflarini solishtirish, avtokredit yoki lizing rasmiylashtirish imkonini beruvchi UrbanDrive platformasi ham investitsiya olganini e’lon qildi. 2025-yilda tashkil etilgan startap IT Park Ventures va Yoshlar Ventures’dan $100 mingdan, jami $200 ming investitsiya jalb qildi.
Internet-do‘konlar, yetkazib berish xizmatlari va superilovalarni ishga tushirish platformasi Layf IT Park Ventures va Cherry Ventures’dan jami $150 ming oldi.
Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Armanistonda banklar, to‘lov hamda logistika kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Layf 2025-yilda IT Park Ventures’dan yana $50 ming investitsiya jalb qilgan edi.
Telegram, Instagram va YouTube uchun influencer-marketing platformasi Blogix AloqaVentures’dan $120 ming investitsiya jalb qilganini e’lon qildi. Xizmat biznesga blogerlarni topish, reklama postlarini kelishish va to‘lash, shuningdek, hisobotlarni yagona interfeysda olish imkonini beradi.
Internet-do‘konlar uchun so‘nggi bosqichdagi yetkazib berish xizmatini ko‘rsatuvchi Tezbor startapi Digital Startups 1+1 qo‘shma moliyalashtirish dasturi doirasida $100 ming oldi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xizmat O‘zbekiston, Qozog‘iston va Daniyada 500 dan ortiq mijozga ega.
Sammitda kichikroq miqdordagi bir nechta investitsiya bitimlari ham e’lon qilindi. Jumladan, AloqaVentures mehmonxonalarni boshqarish tizimini ishlab chiquvchi Safora loyihasiga $50 ming ajratdi.
Yoshlar Ventures xizmat ko‘rsatish sohasidagi kompaniyalar uchun tizim ishlab chiquvchi FieldyIO startapiga $40 ming investitsiya kiritdi.
Platforma buyurtmalarni taqsimlash, joylarda bajarilayotgan ishlarni nazorat qilish, moliyaviy hisob-kitob va xodimlarga haq to‘lash imkonini beradi. U tozalash va dezinfeksiya, suv ta’minoti, turizm hamda konsalting sohalariga mo‘ljallangan. Kompaniya xizmatlarini joriy yilning may oyida sotishni boshlagan.
Qandolatchilik do‘konlarida bayram tortlariga buyurtma berish imkonini beruvchi Bonu ilovasi ham Yoshlar Ventures’dan $40 ming investitsiya oldi. Xizmatda tortlarni 3D formatda loyihalash vositasi va yaqinlarning tug‘ilgan kunlarini eslatib turuvchi “Mening odamlarim” CRM moduli mavjud.
Yoshlar Ventures Samarqandda shahar fermasini tashkil etgan Microgreen startapiga ham $35 ming ajratdi. Loyiha gidroponika usulida mikroko‘katlar, salatlar, gullar va qulupnay yetishtirib, ularni bevosita xaridorlarga yetkazib beradi.
Portativ quvvatlagichlarni ijaraga beruvchi q.watt tarmog‘i ham IT Park Ventures ishtirokida investitsiya raundini yakunladi. Investitsiya miqdori oshkor qilinmagan.
Platforma O‘zbekiston, Tojikiston va Bolgariyada 4900 dan ortiq quvvatlash stansiyasiga ega. Shuningdek, kompaniya shahar mikromobilligi yo‘nalishini ham rivojlantirmoqda.
Boshqa startaplar orasida eng yirik investitsiya bitimini xususiy maktablarda informatika, algoritmlar va sun’iy intellekt asoslarini o‘rgatishga mo‘ljallangan Luwo platformasi amalga oshirdi. 23-sentabr kuni servis CS//Angels investitsiya klubidan $100 ming jalb qilgani ma’lum bo‘ldi.
Luwo o‘qituvchilar uchun dars ssenariylari bilan birga tayyor 45 daqiqalik mashg‘ulotlarni taklif qiladi. Platformada topshiriqlarni avtomatik tekshirish va o‘quvchilar natijalarini tahlil qilish imkoniyatlari ham mavjud. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xizmat Markaziy Osiyoda 40 dan ortiq maktab va 14 mingdan ziyod o‘quvchini qamrab olgan.
Biznesni boshqarish uchun mo‘ljallangan EmplBee platformasi 15-sentabr kuni United Ventures’dan $40 ming olganini ma’lum qildi. Investitsiya fondning Startup Booster dasturi doirasida erishilgan kelishuv asosida ajratilgan. O‘quv markazlariga mo‘ljallangan tizim CRM, HR, moliya va buxgalteriya, biznes tahlili, o‘quv jarayoni hamda vazifalarni boshqarish imkoniyatlarini birlashtiradi.
Bundan tashqari, United Ventures 17-sentabr kuni ma’lum bo‘lishicha, UstozHub onlayn platformasiga $25 ming investitsiya kiritdi. Xizmat o‘quvchilarga fan, bilim darajasi, narx va jadval bo‘yicha o‘qituvchilarni tanlash imkonini beradi. Shuningdek, platforma darslar, uy vazifalari va to‘lovlar nazoratini yuritadi.
Xalqaro til imtihonlariga tayyorlanish uchun sun’iy intellekt asosida ishlaydigan Mockchi Bola imtihon tekshiruvchisi United Ventures’dan $15 ming jalb qildi. Servis sinov testlarini 30 soniyada 95% gacha aniqlik bilan baholaydi va o‘quvchilarning takroriy xatolarini aniqlashga yordam beradi.
Chegirmalar, keshbek va sodiqlik dasturlarini birlashtirgan Dcard ilovasi esa 4-sentabr kuni Imkon Ventures’dan pre-seed bosqichida $20 ming investitsiya olganini e’lon qildi.
Yangi startap avtoservislar, go‘zallik salonlari, restoranlar va fitnes-klublar bilan ishlaydi. U bonus takliflarini boshqarish, savdolarni kuzatish va mijozlarni tahlil qilish imkonini beradi.
| Startap | Faoliyat sohasi | Investitsiya miqdori | Investorlar |
Bito ERP | B2B, SaaS | $300 000 | AloqaVentures |
ORA | Marketing texnologiyalari | $200 000 | IT Park Ventures, Cherry Ventures |
Bigmart | B2B, elektron tijorat | $200 000 | IT Park Ventures, AloqaVentures |
UrbanDrive | Avtomobil texnologiyalari | $200 000 | IT Park Ventures, AloqaVentures |
Layf | SaaS, elektron tijorat | $150 000 | IT Park Ventures, Cherry Ventures |
Blogix | Marketing texnologiyalari | $120 000 | AloqaVentures |
Tezbor | Logistika | $100 000 | IT Park Ventures |
Luwo | Ta’lim texnologiyalari | $100 000 | CS//Angels |
Safora | Mehmonxona biznesi texnologiyalari | $50 000 | AloqaVentures |
FieldyIO | SaaS | $40 000 | Yoshlar Ventures |
Bonu | Oziq-ovqat texnologiyalari | $40 000 | Yoshlar Ventures |
EmplBee | B2B, SaaS | $40 000 | United Ventures |
Microgreen | Qishloq xo‘jaligi texnologiyalari | $35 000 | Yoshlar Ventures |
UstozHub | Ta’lim texnologiyalari | $25 000 | United Ventures |
Dcard | Marketing texnologiyalari | $20 000 | Imkon Ventures |
Mockchi Bola | Ta’lim texnologiyalari | $15 000 | United Ventures |
q.watt | Shahar mobil transporti | Oshkor etilmagan | IT Park Ventures |
Avvalroq Spot ICT Week Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasida qanday loyihalar namoyish etilgani haqida yozgandi.