22−25-sentabr kunlari Toshkent shahrida ICT Week Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Spot nashri tadbirning axborot hamkori hisoblanadi.

Haftalik dasturidan o‘rin olgan ko‘rgazma maydonida O‘zbekiston va xorijiy kompaniyalarning IT, sun’iy intellekt hamda yuqori texnologiyalar sohasidagi so‘nggi ishlanmalari namoyish etilmoqda.

Unda xavfsizlik va kuzatuv tizimlari, raqamli ta’lim va aqlli shahar yechimlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishga qaratilgan texnologik yechimlar taqdim etilgan.

Spot haftalik doirasida namoyish etilayotgan ayrim loyihalar haqida qisqacha hikoya qiladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot


Xavfsizlik va kuzatuvni avtomatlashtiruvchi dronlar

DJI dock 3. Dron service taqdim etgan ushbu dron 24/7 rejimida avtonom ishlashga mo‘ljallangan xavfsizlik va kuzatuv loyihasi bo‘lib, kompyuter yoki pult orqali berilgan topshiriqlarni mustaqil ravishda bajaradi.

Dron operatorlarining ta’kidlashicha, qurilma xodimlarning charchashi yoki chalg‘ishi kabi inson omili bilan bog‘liq xatoliklarni kamaytirishga yordam beradi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bitta dron bir necha ming xodimning ishini bajara olishi mumkin.

Hozirda tizim Magic City hamda Buxorodagi turistik obyektlarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda sinovdan o‘tkazilmoqda. Qurilmada nosozlik yuzaga kelgan taqdirda, uning “qora qutisi” orqali muammo sabablari aniqlanadi. Zarur ehtiyot qismlar Xitoydagi bosh ofisdan yetkazib beriladi, ta’mirlash ishlari esa mahalliy akademiyada tahsil olgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

aloqani cheklovchi qurilma, avtonom dronlar, ict week uzbekistan 2026, loyihalar, tatu

Rasmda DJI dock 3. Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Qurilma bir marta quvvatlanganda 1 soatgacha ishlaydi. U 8 km radiusda va 7 km gacha balandlikda harakatlana oladi. Teplovizor va aqlli kameralar bilan jihozlangan dron bir vaqtning o‘zida 1 mln gacha inson yuzini skanerlash imkoniyatiga ega. Narxi $25 mingni tashkil etadi.

Matrice 4T va Matrice M400 dronlari. Loyihalar tezkor kuzatuv, xavfsizlik va infratuzilma monitoringiga mo‘ljallangan.

Teplovizor bilan jihozlangan ixcham Matrice 4T droni shahar ichida hamda yopiq binolarda, masalan, yirik logistika markazlari va omborxonalarda “xavfsizlik yordamchisi” vazifasini bajaradi. U shubhali harakatlarni uzluksiz kuzatish va jinoyatchilikning oldini olishga ko‘maklashadi.

Kartografiya va favqulodda vaziyatlarga mo‘ljallangan Matrice M400 droni esa 15 km radius hamda 7 km balandlikda harakatlana oladi. U 6 kg gacha yuk ko‘tarish quvvati evaziga tog‘li hududlarga dori-darmon yetkazish, yo‘qolgan odamlarni qidirish va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi qizish hamda nosozliklarni avariya sodir bo‘lmasdan oldin aniqlashda qo‘llaniladi. Narxi $15 mingdan boshlanadi.

aloqani cheklovchi qurilma, avtonom dronlar, ict week uzbekistan 2026, loyihalar, tatu

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot


Aloqa signallarini cheklovchi qurilma

Loyihalar qatoridan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan ishlab chiqilgan, maxsus xavfsizlik va aloqa cheklovlari talab etiladigan hududlar uchun mo‘ljallangan ESP32 qurilmasi ham o‘rin olgan.

Qurilma 2,4 GHz chastotada ishlaydi va o‘lchamiga qarab 20−30 m radiusda mobil aloqa, mobil internet, Wi-Fi hamda Bluetooth signallarini bir vaqtning o‘zida o‘chirish imkoniyatiga ega.

aloqani cheklovchi qurilma, avtonom dronlar, ict week uzbekistan 2026, loyihalar, tatu

Rasmda ESP32. Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, qurilma imtihon jarayonlarida, shuningdek, vazirliklar va xavfsizlik tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalar doirasida amaliyotda qo‘llanilmoqda.

Tizimning detallari va sxemalari mahalliy mutaxassislar tomonidan yig‘iladi, korpusi esa 3D printerda chop etiladi. Dasturiy ta’minoti ham to‘liq markaz xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilmaning hajmi va quvvatiga qarab, uni tayyorlash tannarxi taxminan 2−3 mln so‘mni tashkil etadi.

Ularning yana bir loyihasi — Agroanalayzer. Issiqxona va ekin maydonlarini integratsiyalash hamda raqamlashtirishga mo‘ljallangan ushbu qurilma tuproq va havo harorati, tuproq unumdorligi hamda namlik ko‘rsatkichlarini doimiy ravishda monitoring qiladi va ma’lumotlarni kompyuter yoki mobil telefonga uzatadi.

Qurilmaga o‘rnatilgan sun’iy intellekt tizimi ekin turidan kelib chiqib, qachon sug‘orish, shuningdek, qancha miqdorda o‘g‘it berish bo‘yicha fermerlarga amaliy tavsiyalar beradi. Hozirda tizim shartnoma asosida 3 ta hududda, jumladan, 150 va 200 gektardan ziyod maydonlarda qo‘llanilib, sinovdan o‘tkazilmoqda.

aloqani cheklovchi qurilma, avtonom dronlar, ict week uzbekistan 2026, loyihalar, tatu

Rasmda Agroanalayzer. Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot


Apple bilan hamkorlikdagi ta’lim dasturi

Apple Authorized Training Centers for Education in Uzbekistan — Apple kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha bo‘lib, uning doirasida O‘zbekistonda IT va sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro standartlarga javob beradigan ta’lim markazlari tashkil etilmoqda.

Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazida ta’limda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Obidjon Ahmedovning ta’kidlashicha, birinchi markaz Farg‘onada ishga tushirilgan bo‘lib, hozirda unda 42 nafar yoshlar tahsil olmoqda.

Rejaga ko‘ra, 2026-yilda yana 5 ta hududda markaz tashkil etilib, ularning umumiy soni 6 taga yetkaziladi. 2027-yil mart oyida esa Toshkent shahridagi turli universitet kampuslari qoshida yana 4 ta markaz ochilishi rejalashtirilgan. 2030-yilga borib, ushbu markazlarda har yili 3 ming nafar mutaxassis tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasidagi ta’lim kampuslarda iMac, iPhone va iPad qurilmalaridan foydalangan holda to‘liq oflayn shaklda olib boriladi. Shu bilan birga, tinglovchilarga onlayn darsliklar ham taqdim etiladi.

Markazlarga 16 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar qabul qilinadi. Qabul jarayoni yiliga 4 marta o‘tkazilib, uch bosqichdan iborat.

Saralash. Bir kunlik xakaton shaklida o‘tkaziladigan bosqichda nomzodlar jamoalarga bo‘linib, mobil ilova yaratadi. Jarayon davomida ularning muammolarga yechim topish va jamoada ishlash ko‘nikmalari baholanadi.

O‘quv kursi. Saralashdan o‘tganlar yo‘nalishi bo‘yicha 6 oydan 9 oygacha tahsil oladi. Birinchi qabul bepul bo‘ladi. Keyingi qabullarda esa eng yuqori natija ko‘rsatgan 60% talabaga grant ajratiladi, qolgan 40% nomzod esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.

Amaliyot va qo‘llab-quvvatlash. O‘quv kursidan so‘ng 6 oy davomida bitiruvchilarga ish topish, startaplar yaratish va platformalarida buyurtmalar olish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Markazlarda dars beradigan barcha o‘qituvchilar Apple’ning xalqaro treninglaridan o‘tib, tegishli xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi. Apple sertifikatiga ega bo‘lmagan o‘qituvchilarning markazlarda dars berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Aqlli avtoturargoh va trafik boshqaruvi

Bu yerdan o‘rin olgan yana bir loyiha — Citynet’ning intellektual transport tizimlari. Yo‘l infratuzilmasini raqamlashtirishga qaratilgan ushbu loyihalar qatoridan avtoturargohlarni masofadan boshqarish va nazorat qilish tizimi ham o‘rin olgan.

U avtomobil raqamlarini tanib, to‘xtab turish vaqtini hamda to‘lov miqdorini hisoblaydi va barcha ma’lumotlarni dasturiy ta’minot, planshet yoki boshqa qurilmalarga uzatadi.

Loyiha doirasida, shuningdek, sun’iy intellekt asosida boshqariladigan, shahardagi transport oqimini muvofiqlashtiruvchi maxsus boshqaruv tizimi ishlab chiqilgan. Hozirda ushbu ishlanma Toshkentda sinov rejimida ishlamoqda, Yangi Toshkent hududida esa joriy etilgan.

Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, tizimni kelgusida respublika bo‘ylab kengaytirish hamda qo‘shni davlatlarga eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Tizimlarning yakuniy qiymati esa buyurtmachining texnik topshirig‘i va talablaridan kelib chiqib, individual ravishda belgilanadi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot