Toshkent markazidagi sobiq Yangi Bank binosi E-auksion'da 111,3 mlrd so‘mga sotildi.

Kim oshdi savdosi 9-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi va 13 daqiqadan sal ko‘proq davom etdi. Yagona taklifni bergan Kapital Loyihalar Guruhi kompaniyasi g‘olib bo‘ldi.

Xaridor lot uchun 111,3 mlrd so‘m taklif qildi, bu boshlang‘ich narxdan 5% yuqori. Hozir to‘lov amalga oshirilishi kutilmoqda.

Yangi Bank tugatish komissiyasi binoni ilk bor shu yilning iyun oyida sotuvga qo‘ygan edi. 2017-yilda qurilgan besh qavatli bino poytaxtning Yunusobod tumanidagi Amir Temur shoh ko‘chasi, 99-uyda, O‘zbekiston Milliy banki bosh binosi yonida va Bodomzor metro bekati yaqinida joylashgan.

Binoning umumiy maydoni 3648 kv. metr, foydali maydoni 2548 kv. metr, yer uchastkasi 0,25 gektar. Binoda 47 ta xona bor, gaz, elektr, suv va kanalizatsiya kabi barcha kommunikatsiyalar ulangan.

Dastlab bino 163,3 mlrd so‘mga baholangan, lekin o‘shanda xaridor topilmagan. Keyinchalik sotuvchi lot narxini bir necha bor pasaytirgan.

Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Kapital Loyihalar Guruhi shu yilning aprel oyida tashkil etilgan va noturar binolar qurilishi bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav fondi 4,268 mlrd so‘m bo‘lib, u ikki davlat korxonasi — Olmaliq kon-metallurgiya kombinati va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga teng ulushlarda tegishli.

Bino nega sotilmoqda?

Markaziy bank 15-yanvar kuni Yangi Bank’ning bank faoliyati litsenziyasini bekor qilgan. Bino va boshqa aktivlarni sotishdan tushgan mablag‘lar Omonatlarni kafolatlash agentligi qoplamaydigan kreditorlar talablarini qondirishga yo‘naltiriladi.

Tugatish komissiyasi majlisi bayonnomasiga ko‘ra, 10-iyun holatiga Yangi Bank’ning to‘rtinchi navbatdagi kreditorlar oldidagi qarzi 76,54 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Yangi Bank Markaziy bankdan bank litsenziyasini 2023-yil may oyida olgan. Neobank aksiyalarining 100% i Yangi-Group kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uni Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Yangi Holding Pte Ltd kompaniyasi ta’sis etgan.

Spot avvalroq litsenziya bekor qilinishi sabablari, Yangi Bank’ning moliyaviy holati va omonatchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi haqida material tayyorlagan edi.

Avvalroq Toshkent markazidagi Davaktiv agentligi binosi 251,6 mlrd so‘mga sotilgani haqida xabar berilgandi.