Yangi Bankning Markaziy bank tomonidan yil boshida bank litsenziyasi bekor qilingan bosh ofisi Toshkent markazida yana sotuvga qo‘yildi.
Binoning boshlang‘ich narxi 120 mlrd so‘mgacha tushirildi. Avval obyekt 163,33 mlrd so‘mga sotuvga chiqarilgandi.
Yangi Bank tugatish komissiyasi Yunusobod tumanidagi Amir Temur shoh ko‘chasi, 99-uyda joylashgan besh qavatli binoni E-auksion elektron savdo platformasiga qo‘ydi. Bino O‘zbekiston Milliy bankining bosh ofisi va Bodomzor metro bekati yaqinida joylashgan.
Temir-betondan qurilgan binoning umumiy maydoni 3648 kvadrat metr, foydali maydoni esa 2548,36 kvadrat metrni tashkil etadi. Yer maydoni 0,254 gektar, qurilish maydoni 0,1017 gektar. Binoda 47 ta xona mavjud. U 2017-yilda qurilgan va lot tavsifiga ko‘ra, yaxshi holatda.
Binoda gaz, elektr ta’minoti, suv va kanalizatsiya tizimlari mavjud. Shu bilan birga, lot tavsifida 54 kv. metr maydonda o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshoot borligi ko‘rsatilgan.
Obyektning boshlang‘ich narxi 120 mlrd so‘m, zakalat miqdori esa 1,2 mlrd so‘m yoki boshlang‘ich narxning 1% ini tashkil etadi. Arizalar 5-oktabrgacha qabul qilinadi.
Yangi Bankning bosh ofisi avval ham E-auksion orqali bir necha bor sotuvga chiqarilgan. Dastlab obyekt 163,3 mlrd so‘mga qo‘yilgan. 20-iyulga belgilangan savdolar bekor qilinib, keyin 27-iyulga ko‘chirilgan. Keyinchalik savdo yana o‘tkazilmagan va lot bekor qilingan.
Bino nega sotilmoqda?
Ofisning sotilishi Yangi Bank tugatilayotgani bilan bog‘liq. 15-yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvining tegishli qarori bilan Yangi Bank’ning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olindi.
Markaziy bank “Yangi bank” rahbariyati va kuzatuv kengashiga ustav kapitalini oshirish zarurligi to‘g‘risida bir necha bor yozma ogohlantirishlar yuborganini ma’lum qildi. Biroq, bank tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmagan.
Yangi Bank 2023-yil may oyida Markaziy bankdan bank litsenziyasini olgan. KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Bank savdo belgisi 2021-yil dekabrida Yangi-Group MCHJ tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. O‘sha paytda kompaniya rahbari sifatida O‘zagroeksportbank sobiq rais o‘rinbosari Odil Amerkulov ko‘rsatilgan.
Neobank aksiyalarining 100% i Yangi-Group kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u o‘z navbatida Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan Yangi Holding Pte Ltd kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Ushbu kompaniya rahbari Smirnov Timofey Valentinovich hisoblanadi.
2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, Yangi Bank aktivlari 593 mlrd so‘m — bu O‘zbekiston bank tizimi barcha aktivlarining 0,067% ini tashkil etadi. Bank ixtiyorida 188 mlrd so‘mlik kreditlar va 394 mlrd so‘mlik depozitlar mavjud edi. Raqamli bank portfelidagi muammoli kreditlar ulushi 6,2% ga yoki 12 mlrd so‘mga yetgan.
2025-yilning yozida Yangi Bank boshqaruvi raisi lavozimiga SEG Enera kompaniyasi bosh direktori Timofey Smirnov tayinlangan. Ungacha bankka vaqtincha rahbar sifatida Tatyana Asmakovets boshchilik qilgan bo‘lib, u Uzum Bank’ga o‘tgan Svetlana Xening o‘rnini egallagan.
Avvalroq Spot Yangi Bank litsenziyasining bekor qilinish sabablari, bankning moliyaviy holati va omonatchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi haqida material tayyorlagandi.
Spot avvalroq Toshkentda vazirlik va idoralarning yettita ma‘muriy binosi $73,5 mln ga sotilgani haqida yozgandi.