Toshkentda vazirlik va idoralarning yettita ma‘muriy binosi jami 868,8 mlrd so‘mga ($73,45 mln) sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sotilgan obyektlar orasida Transport vazirligi, Sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi DUK, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda Davlat xizmatlari agentligi binolari bor.

Boshlang‘ich narxi 1,1 trln so‘m bo‘lgan yana 11 ta obyekt savdoga chiqarilgan, 20 ta obyekt bo‘yicha sotuvdan oldingi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va ularning tizim tashkilotlari binolari bo‘yicha savdolar davom etmoqda.

Sotish jarayoni 150 ta davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarning Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi doirasida amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan poytaxtdagi 83 ta ko‘chmas mulk obyektini ochiq savdolarda sotish ham ko‘zda tutilgan.

Agentlik ma‘lumotlariga ko‘ra, ularning yettitasi sotib bo‘lingan, yana 31 tasi tayyorgarlik va savdolarning turli bosqichlarida turibdi. Sotuvdan tushgan mablag‘lar Yangi Toshkentda ma‘muriy infratuzilma qurilishiga yo‘naltiriladi.

Spot avvalroq Universalbank Yangi Toshkentdagi mehmonxonani 100 mlrd so‘mga sotayotgani haqida yozgandi.