Davlat aktivlarini boshqarish agentligi dehqon bozorlarini xususiylashtirish rejalari haqida tushuntirdi. Idoraning ta’kidlashicha, “gap davlat mulki obyektlarini ommaviy sotish haqida bormayapti”.
Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, xususiylashtirish har bir obyektning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich va manzilli o‘tkaziladi. Har bir bozor bo‘yicha qaror har tomonlama o‘rganishdan keyin qabul qilinadi. Bunda bozorning holati, iqtisodiy salohiyati, ijtimoiy ahamiyati va istiqbollari, shuningdek, qonunchilik talablari tekshiriladi. Sotuvdan oldin mahalliy aholi, tadbirkorlar va bozorning boshqa ishtirokchilari fikri o‘rganiladi.
Agentlikning ta’kidlashicha, bozorlarning asosiy vazifasi saqlanib qoladi. Ular yopilmaydi, boshqa maqsadga o‘zgartirilmaydi va ularning o‘rnida savdoga aloqasi bo‘lmagan obyektlar qurilmaydi.
Modernizatsiyadan keyin bozorlarda obodonlashtirilgan savdo maydonlari, sanitariya infratuzilmasi, avtoturargohlar, xavfsizlik tizimlari va kommunal qulayliklar paydo bo‘lishi kerak. Agentlik namuna sifatida Ekobozor va Food City savdo majmualarini keltirdi.
“Dehqon bozorlarini xususiylashtirish faqat mulkchilik shaklini o‘zgartirish jarayoni sifatida emas, balki investitsiyalarni jalb qilish, boshqaruv samaradorligini oshirish va savdo infratuzilmasini kompleks yangilash vositasi sifatida qaralmoqda”, — deyiladi xabarda.
Qaysi bozorlar sotiladi?
Toshkentda 35 ta bozor va savdo kompleksini savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Bu Shavkat Mirziyoyev 27-iyulda tasdiqlagan qarorda nazarda tutilgan. Ro‘yxatga quyidagilar kirgan:
- Aviasozlar, Qoraqamish, Qo‘yliq, Navro‘z, Sergeli va Farhod dehqon bozorlari;
- Navro‘z bozorining 7 ta, Sergeli bozorining 6 ta, Qoraqamish bozorining 5 ta va Yunusobod bozorining 2 ta filiali;
- Chilonzor, Bek to‘pi, Beshqo‘rg‘on, Parkent va O‘rikzor savdo komplekslari;
- Bek to‘pi va Chilonzor savdo komplekslarining avtoturargohi;
- Yangiobod ixtisoslashgan bozori va uning filiali;
- Sergeli avtomobil bozori.
Obyektlar Tashkent Invest kompaniyasi ishlab chiqqan tayyor biznes loyihalari asosida sotiladi. Bozorlarga tegishli yer uchastkalari va ko‘chmas mulk davlat ulushini kamaytirish hisobiga kompaniyaga mulk qilib beriladi. Bunda ko‘chmas mulk utilizatsiya qiymati bo‘yicha, yer esa yer solig‘i stavkasining eng yuqori pasaytiruvchi koeffitsiyenti qo‘llanilgan holda baholanadi.
Kompaniya berilgan hududlarda qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borishi, sotuvdan keyin esa tushumning 1% ini va obyektni savdoga chiqarish xarajatlari kompensatsiyasini olishi mumkin.
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov bozorlarni islohotning eng murakkab yo‘nalishlaridan biri deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, odamlarning xavotiri tushunarli: ular pul topadigan odatiy joylarning o‘zgarishi tabiiy ravishda tashvish uyg‘otadi.
Hokim misol tariqasida Rotterdamdagi Markthal va Lissabondagi Time Out Market bozorlarini keltirgan. Bu bozorlar savdo vazifasini saqlab qolgan holda gavjum shahar maskanlariga aylangan.
“Bozorlarimiz aynan shunday, milliy koloritini saqlab rivojlanishi kerak, Mega Planet yoki Magic City misolida emas”, — degan edi Umurzakov.
Avvalroq Toshkentdagi Yangiobod bozori formati va savdo joylari saqlangan holda modernizatsiya qilinishi haqida xabar berilgandi.