Toshkentda birorta ham bozorni yopish yoki uning avvalgi faoliyatini bekor qilish rejalashtirilmayapti. Biroq shahar hokimiyati mavjud savdo maskanlarini modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov O‘zA axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentning 27-iyuldagi qarorida uchta asosiy yo‘nalish belgilangan: bozorlarni modernizatsiya qilish, gavjum ko‘chalarni rivojlantirish va avtoturargohlar tizimini yaratish.
Umurzakov bozorlarni eng murakkab yo‘nalishlardan biri deb atadi. U “Bozorga ham, mozorga ham tegma” degan xalq maqolini keltirib, bu so‘zlar ortida asosli xavotirlar borligini ta’kidladi. Odamlar tirikchilik qiladigan, o‘rganib qolgan joylarning o‘zgarishi tabiiy ravishda xavotir uyg‘otadi.
Shu bilan birga, hokimning fikricha, hozirgi bozorlar na tashqi ko‘rinishi, na biznes modeli jihatidan zamonaviy talablarga javob beradi. Shu sababli investorlarga 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi taklif qilinmoqda.
“Lekin bir narsani aniq aytaman: birorta ham bozor yopilmaydi va o‘z funksiyasini yo‘qotmaydi”, — deya ta’kidladi hokim.
Bunda investorlar oldiga uchta shart qo‘yiladi. Ular belgilangan hajmdagi savdo rastalarini zamonaviy formatda qurib, davlatga topshirishi, amaldagi tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlab qolishi va yetarli sig‘imga ega avtoturargoh yaratishi kerak bo‘ladi.
Investor savdo, xizmat ko‘rsatish va ko‘ngilochar obyektlarni faqat samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda qurish huquqiga ega bo‘ladi.
Umurzakov Ekobozor’ni misol qilib keltirib, ushbu model o‘z samaradorligini allaqachon ko‘rsatganini qayd etdi. Uning fikricha, bozorlarni rivojlantirishda xalqaro tajribadan ham foydalanish mumkin.
U Rotterdamdagi Markthal va Lissabondagi Time Out Marketni misol sifatida keltirdi. Uning aytishicha, bu obyektlar tarixiy bozor funksiyasini saqlab qolgan holda, shaharning eng gavjum maskanlaridan biriga aylangan.
“Bizning bozorlarimiz ham aynan shunday, o‘z milliy qiyofasini saqlagan holda rivojlanishi kerak, Mega Planet yoki Magic City misolida emas”, — deya xulosa qildi poytaxt hokimi.
Sotiladigan obyektlar qatorida Aviasozlar, Qoraqamish, Qo‘yliq, Navro‘z, Sergeli, Farhod dehqon bozorlari, Bek to‘pi va Chilonzor savdo komplekslari avtoturargohi bor. Shuningdek, Navro‘z bozorining 7 ta, Sergeli bozorining 6 ta, Qoraqamish’ning 5 ta filiali va Yunusobod bozorining 2 ta shoxobchasi ham auksionga chiqariladi.
Ommaviy savdolarga chiqariladigan bozorlar va savdo komplekslari hamda ularning shoxobchalari ro‘yxati:
| T/r | Bozor va savdo komplekslari nomi | Manzili | Yer maydoni (ga) | Bino-inshoot maydoni (kv. metr) |
| 1 | Navro‘z dehqon bozori | M.Ulug‘bek tumani, Gulsanam va Buyuk ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi | 1,68 | 9 354 |
| 2 | Chilonzor buyum savdo kompleksi | Chilonzor tumani, Bunyodkor shox ko‘chasi, 156A-uy | 12,2 | 137 911 |
| 3 | Bek to‘pi savdo kompleksi | Chilonzor tumani, THAY ko‘chasi, 12-uy | 2,0 | 12 815 |
| 4 | Sergeli dehqon bozori | Sergeli tumani, Yangi Sergeli ko‘chasi, 6-uy | 2,7 | 5 868 |
| 5 | Iste’molda bo‘lgan transport vositalari va ehtiyot qismlari Sergeli bozori | Sergeli tumani, Yangi Sergeli ko‘chasi, 3a-uy | 23,7 | 60 691 |
| 6 | Parkent universal savdo kompleksi | Yashnobod tumani, Parkent ko‘chasi, 74-uy | 2,7 | 2 674 |
| 7 | Yangiobod ixtisoslashgan bozor | Yashnobod tumani, Tolariq ko‘chasi, 1-uy | 15,1 | 88 647 |
| 8 | Aviasozlar dehqon bozori | Yashnobod tumani, Beshariq ko‘chasi, 1-uy | 5,4 | 24 061 |
| 9 | Qora-qamish dehqon bozori | Olmazor tumani, Qora Qamish-1 dahasi, 21-uy | 0,8 | 2 633 |
| 10 | Farhod dehqon bozori | Uchtepa tumani, Guzar MFY, G9A-mavze | 5,4 | 20 184 |
| 11 | O‘rikzor savdo kompleksi | Uchtepa tumani, O‘rikzor mavzesi | 9,2 | 100 685 |
| 12 | Qo‘yliq dehqon bozori | Bektemir tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi bozor maydoni | 4,4 | 25 303 |
| 13 | Navro‘z dehqon bozorining Bo‘z shoxobchasi | M.Ulug‘bek tumani, Sayram ko‘chasi, 37-uy | 0,75 | 1 261 |
| 14 | Navro‘z dehqon bozorining Yalang‘och shoxobchasi | M.Ulug‘bek tumani, Yalang‘och ko’chasi | 0,26 | 1 844 |
| 15 | Navro‘z dehqon bozorining Qorasuv 2 shoxobchasi | M.Ulug‘bek tumani, Mingbuloq ko‘chasi | 0,11 | 443 |
| 16 | Navro‘z dehqon bozorining Avayhon shoxobchasi | M.Ulug‘bek tumani, Qorasuv-6 Semashko ko‘chasi | 0,01 | 120 |
| 17 | Navro‘z dehqon bozorining Navro‘z shoxobchasi | M.Ulug‘bek tumani, Shukur Burhonov, 24-uy | 0,19 | 788 |
| 18 | Navro‘z dehqon bozorining Ulug‘bek shoxobchasi | M.Ulug‘bek tumani, Ulug‘bek shaharchasi, Xuroson ko‘chasi | 0,05 | 431 |
| 19 | Navro‘z dehqon bozorining Shirin shoxobchasi | M.Ulug‘bek tumani, TTZ-2 Ahillik ko‘chasi | 0,41 | 2 444 |
| 20 | Yunusobod dehqon bozorining Ahmad Donish shoxobchasi | Yunusobod tumani, 13-mavze, Ahmad Donish ko‘chasi | 0,55 | 2 681 |
| 21 | Yunusobod dehqon bozorining Tashgres shoxobchasi | Yunusobod tumani, Tashgres mavze, Temur Malik ko‘chasi, 6-uy | 0,01 | 72 |
| 22 | Sergeli dehqon bozorining Sergeli-7 shoxobchasi | Sergeli tumani, Sergeli-7 mavzesi, M.Tursunzoda ko‘chasi | 0,02 | 236 |
| 23 | Sergeli dehqon bozorining Sergeli-1 shoxobchasi | Sergeli tumani, Sergeli-1 mavzesi, Qipchoq ko‘chasi | 0,03 | 342 |
| 24 | Sergeli dehqon bozorining Qo’yliq-5 shoxobchasi | Sergeli tumani, Qo‘yliq-5 mavzesi, Yangi Qo‘yliq ko‘chasi | 0,08 | 553 |
| 25 | Sergeli dehqon bozorining Qo‘yliq-6 shoxobchasi | Sergeli tumani, Qo‘yliq-6 mavzesi | 0,03 | 196 |
| 26 | Sergeli dehqon bozorining Quruvchilar shoxobchasi | Sergeli tumani, Quruvchilar mavzesi | 0,02 | 206 |
| 27 | Sergeli dehqon bozorining Erkin shoxobchasi | Sergeli tumani, Choshtepa ko‘chasi | 0,001 | 19 |
| 28 | Qora-qamish dehqon bozorining Chig‘atoy shoxobchasi | Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi | 0,09 | 57 |
| 29 | Qora-qamish dehqon bozorining Chuqursoy shoxobchasi | Olmazor tumani, Gulsaroy ko‘chasi | 0,12 | 246 |
| 30 | Qora-qamish dehqon bozorining Shifokorlar shoxobchasi | Olmazor tumani, Kamarniso ko‘chasi | 0,39 | 1 196 |
| 31 | Qora-qamish dehqon bozorining Xonaki qushlar va akvarium baliqlari shoxobchasi | Olmazor tumani, Qora Qamish ko‘chasi, 1/20-uy | 0,74 | 2 999 |
| 32 | Qora-qamish dehqon bozorining Yoshlik shoxobchasi | Olmazor tumani, Talabalar ko‘chasi | 0,11 | 403 |
| 33 | Yangiobod ixtisoslashgan bozoriga qarashli shoxobcha | Yashnobod tumani, Katta Yangiobod ko‘chasi, 1-uy | 0,05 | 406 |
| 34 | Chilonzor buyum savdo kompleksiga qarashli Bek-to‘pi avtoturargohi | Chilonzor tumani, THAY, Bek to‘pi savdo kompleksi yonida | 0,48 | 264 |
| 35 | Beshqo‘rg‘on savdo | Chilonzor tumani, Bunyodkor shox ko‘chasi, 63-uy | 2,16 | 11 383 |
Avvalroq Spot Toshkentdagi Yangiobod bozori formati va savdo joylari saqlangan holda modernizatsiya qilinishi haqida yozgandi.