Toshkent shahar hokimligi Yangiobod bozorini yangilash konsepsiyasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha bozorning odatiy qiyofasini o‘zgartirish yoki uni boshqa formatdagi bozorga aylantirishni nazarda tutmaydi.

Asosiy maqsad Yangiobodni sotuvchilar va tashrif buyuruvchilar uchun qulayroq, xavfsizroq va zamonaviyroq qilishdan iborat.

Xususan, bozor hududini obodonlashtirish, sanitariya sharoitlarini yaxshilash, xavfsizlikni ta‘minlash, zarur infratuzilmani yaratish, qulay o‘tish yo‘laklari va avtoturargoh tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Hokimlikning qayd etishicha, hozirda Yangiobodda faoliyat yuritayotgan sotuvchilar o‘z savdo o‘rinlarini saqlab qoladi. Shuningdek, bozorning odatiy ixtisoslashuvi va o‘ziga xos muhiti ham saqlanadi.

Hozirda yangilash konsepsiyasi loyihachilar bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.

Keyinchalik loyiha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilib, fuqarolar taklif etilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishishi, fikr bildirishi va takliflar kiritishi mumkin bo‘ladi.

Spot, avvalroq, Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagi avgust oxirigacha foydalanishga topshirilishi haqida yozgandi.