Toshkentning Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida qurilayotgan BRT yo‘lagini avgust oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Loyihaning birinchi bosqichi Shahrisabz-Mirobod-Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan 1,2 km uchastkani qamrab oladi.

Qurilish ishlari 24-iyuldan boshlangan bo‘lib, ayni paytda yo‘lning asosini BRT talablariga moslashtirish, grunt va namlik bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Yo‘l 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazilmoqda

BRT yo‘lagidan katta sig‘imli va og‘ir avtobuslar muntazam harakatlanishi hisobga olinib, yo‘lning faqat ustki qatlami emas, balki asosi ham to‘liq qayta tayyorlanmoqda. Shu maqsadda yo‘l qismi 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazilib, mavjud asos qayta shakllantirilmoqda.

Bu yo‘l ostida namlik to‘planishi, gruntning cho‘kishi va siljishi xavfini kamaytirish hamda og‘ir avtobuslar qatnoviga bardosh beradigan mustahkam asos yaratishga xizmat qiladi.

Yo‘l konstruksiyasi qatlamlari orasiga geotekstil ham yotqizilmoqda. U grunt, qum-shag‘al va boshqa qatlamlarni bir-biridan ajratib, yo‘l asosining barqarorligini oshirish va suv ta’sirida deformatsiyalar yuzaga kelishining oldini olishga yordam beradi.

brt, toshkent shahri, avtobus yo'laklari, yo‘l qurilishi, yhtem

6 ta avtobus bekati tashkil etiladi

Loyiha doirasida 1,2 kilometrlik uchastkada BRT tizimiga mos 6 ta avtobus bekati tashkil etiladi.

Avtobuslar uchun maxsus yo‘lak boshqa transport vositalari harakatlanadigan qatnov qismidan bordyurlar orqali jismonan ajratiladi. Bu avtobuslarning umumiy transport oqimiga qo‘shilib ketmasdan, alohida yo‘lak bo‘ylab harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan.

BRT yo‘lagi Toshkentda foydalanilayotgan avtobuslarning texnik ko‘rsatkichlari, og‘irligi, yo‘nalishdagi kunlik qatnovlar soni va yo‘lga tushadigan doimiy yuklama hisobga olingan holda qurilmoqda.

Ishlar 31-avgustgacha yakunlanadi

Ayni paytda mazkur yo‘l uchastkasida asosni tayyorlash, mustahkamlash va BRT infratuzilmasini shakllantirish ishlari davom etmoqda.

Bajarilayotgan ishlarning ko‘lami va texnologik jarayonlarni hisobga olgan holda, 1,2 kilometrli ushbu uchastkadagi qurilish-ta'mirlash ishlarini 2026-yil 31-avgustga qadar to‘liq yakunlash hamda yo‘l qismini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Mazkur uchastka Shahrisabz ko‘chasidagi BRT loyihasining birinchi bosqichi hisoblanadi. Keyingi bosqichlarda BRT yo‘lagini Shahrisabz ko‘chasi bo‘ylab davom ettirish ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Spot avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamaganlar uchun jarimani 440 ming so‘mgacha oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.