Toshkentning Mirobod tumanidagi Shahrisabz ko‘chasida BRT (tezkor avtobus) yo‘lagini tashkil etish ishlari boshlandi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Loyiha avval Shota Rustaveli ko‘chasida ishga tushirilgan BRT yo‘lagining davomi hisoblanadi.

24-iyul soat 01:00 dan 9-avgust soat 23:00 gacha Shahrisabz-Mirobod-Shota Rustaveli aylanma chorrahasidan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan qismda yo‘lni BRT talablariga moslashtirish bo‘yicha qurilish-ta‘mirlash ishlari amalga oshiriladi.

brt, shahrisabz, toshkent, yo'l harakati

Mazkur davrda yo‘l transport harakati uchun to‘liq yopilmaydi. Ishlar yo‘lning markazidagi to‘rtta harakatlanish tasmasida olib boriladi.

Har ikki yo‘nalishda esa transport vositalari yo‘lning o‘ng chetidagi ikkita tasma orqali harakatlanishda davom etadi.

Haydovchilardan mazkur hududda ehtiyotkorlik bilan harakatlanish va tirbandliklarni inobatga olib, yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish so‘raldi.

BRT avtobus yo‘lagi

2025-yilning 15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev elektrobusda Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab sayohat qildi, u yerda o‘tgan hafta Mirobod va Choshtepa ko‘chalari o‘rtasidagi qariyb 7 kilometrlik yo‘l qismini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.

Harakat 10 ta bo‘lakda tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 6 tasi (har tomonga uchtadan) avtomobillar uchun, ikkitasi avtoturargoh uchun va ikkitasi markaziy avtobuslar uchun mo‘ljallangan.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtda jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar tizimi (Bus Rapid Transit, BRT) joriy etilgan birinchi ko‘cha bo‘ldi. Loyiha qiymati $19,2 mlnni tashkil etdi.

Yo‘nalishning ishga tushirilishi yo‘lovchilar oqimini ikki baravardan ko‘proqqa — 2,5 mingdan 6 ming kishiga oshirish imkonini berdi. O‘rtacha harakat tezligi 23 km/soatdan 30 km/soatga, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa kuniga 40 ming avtomobilga yetdi.

Ko‘cha bo‘ylab 463 ta “aqlli” svetofor va 21 ta to‘xtash majmuasi o‘rnatildi. Rekonstruksiya doirasida ko‘chada yangi avtoturargohlar, veloyo‘laklar va yashil maydonlar paydo bo‘ldi. Sug‘orish va drenaj tizimlari yangilandi.

Shuningdek, prezident ajratilgan yo‘laklar tarmog‘ini kengaytirish va poytaxt atrofida transport bog‘lamalarini yaratish loyihalari bilan tanishdi. Jamoat transporti qulayligini oshirish, tirbandliklarni kamaytirish, Toshkentning Yangi Toshkent bilan transport aloqasini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtai nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz”, — dedi prezident.


Spot, avvalroq, 2027-yili Yangi Sergeli ko‘chasida avtobus uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurilishi haqida yozgandi.