Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-iyul kuni Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyati hududidan olti yil oldin Sergeliga qo‘shilgan 13 ta mahallada 14,5 ming xonadon borligi, ularda 50 mingdan ortiq aholi yashashi aytib o‘tildi.
Taʼkidlanishicha, ushbu hududlar aholisi haligacha shahar muhitini to‘liq his qilgani yo‘q. Mazkur mahallalarda yoritish uchun 629 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, kabel tortilgan. Ammo tizim hali ishga tushmagani tanqid qilindi.
Mutasaddilarga o‘n kun muddatda ushbu masalani hal qilish topshirildi. Shuningdek, yil yakunigacha ushbu mahallalarni kanalizatsiya tarmog‘iga to‘liq ulash vazifasi qo‘yildi.
Sergeli tumanida aholi va tadbirkorlarning soni oshgani sababli elektr energiyasiga yillik talab besh yilda 40% ga ko‘paydi. Ayrim mahallalarda elektr kuchlanishi me‘yordan 1,5−2 barobar pastligi qayd etildi.
Shaharoldi, O‘zgarish va Qumariq nimstansiyalarini ishga tushirish uchun jami 107 mlrd so‘m ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu obyektlarni aniq muddatlarda ishga tushirish va aholiga kafolatli elektr ta‘minotini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Umuman, poytaxtning Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli, Yashnobod va Yangihayot tumanlariga o‘tgan 46 ta mahallada elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘l bo‘yicha birorta hal etilmagan masala qolmasligi kerakligi ta‘kidlandi.
Sergeli va Yangihayot tumanlarining aholisini qiynab kelayotgan yana bir masala — suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hid ekani aytildi. Mutasaddilarga 1-sentabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatib, bu muammoni bartaraf etish topshirildi.
Kelasi yildan Birlashgan Arab Amirliklaridagi hamkorlar bilan Quyi Chirchiq tumanida quvvati 300 ming kub metr bo‘lgan zamonaviy suv tozalash inshooti qurilishi boshlanadi. Buning hisobidan Sergelidagi suv tozalash inshootiga yuklama keskin kamayadi.
Joriy yil aholiga qulaylik yaratish maqsadida Sergelining asosiy 23 kilometr yo‘lida harakat xavfsizligi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Chorrahalarga 455 ta “aqlli” svetofor o‘rnatiladi, 150 ta avtobus bekati yangilanadi, 10 ming o‘rinli avtoturargoh tashkil etiladi.
Kelasi yil Yangi Sergeli ko‘chasida avtobus uchun 5,5 kilometrlik BRT yo‘lak qurish rejalashtirilgan. Bu yo‘lak Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘lanadi.
Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlarini poytaxtning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan Toshkent halqa yo‘lidagi yangi ko‘prik qurilishini tezlashtirish zarurligi qayd etildi.
Spot, avvalroq, Sergeli tuman hokimligida sun’iy intellekt asosida ishlovchi vaziyatlar markazi ochilgani haqida yozgandi.